O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Nukus davlat pedagogika instituti va Gersen nomidagi universitet o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi
2021-06-15 | Ta’lim
Nukus DPI rektori Bayrambay Otemuratov Sankt-Peterburg shahridagi Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetiga tashrif buyurib, ushbu universitetning xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Yuliya Komarova bilan uchrashdi.
Unda mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samarasi to‘g‘risida fikr almashilib, bakalavriatning defektologiya va psixologiya ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha «2+2», shu bilan birga, magistraturada o‘zga tilli guruhlarda rus tili mutaxassisligi bo‘yicha «1+1» tizimi asosida qo‘shma ta’lim tizimini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, qayta tayyorlash yo‘nalishida amalga oshiriladigan ishlar, rossiyalik mashhur professor-o‘qituvchilarning institut talabalariga dars o‘tishi uchun kelish masalasi belgilab olindi.
Uchrashuv so‘nggida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti va Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
bugungi kunda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida mazkur yo‘nalishda samarali ishlar amalga oshirilib, shu kungacha xorijiy davlatlardagi 39 oliy ta’lim muassasasi bilan akademik mobillik, ilmiy-tadqiqot ishlarini hamkorlikda tashkil etish, o‘zaro tajriba almashish, hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlarini ochish kabi sohalarda ikki tomonlama amaliy ishlar olib borilmoqda.
Manba: O'zA