Joriy yilning 31-may kuni O‘zbekiston Respublikasining “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan energiya resurslarini ishlab chiqarish va taqsimlash rejimlarini maqbullashtirish, nazorat qilish va hisobga olish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlisi bo‘lib o‘tdi
Majlisda Energetika vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar hamda mutasaddi vazirliklar va idoralar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish borasidagi samaradorlik va energiyani tejash, energiya resurslarini ishlab chiqarish, yetkazib berish
va taqsimlash rejimlarini maqbullashtirish, energiya resurslarining hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish bo‘yicha ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganligi qayd etildi.
Energetika vaziri A.Sultanovning vazirlik huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasining faoliyati hamda respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy soha ob'ektlarida energiya samaradorligi va energiya resurslarini tejash borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi
va tanqidiy muhokama qilindi.
Shuningdek, majlisda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi U.Mustafoevning elektr energiyasini hisobga olish
va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish investisiya loyihasi amalga oshirilishining natijadorligi;
“Hududgazta'minot” AJ boshqaruvi raisi B. Eshmuratovning tabiiy gaz iste'molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUG)ni joriy qilish investitsiya loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning joriy holati;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Sh. Vafaevning tabiiy gaz va elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish loyihalariga chet el moliya tashkilotlarining mablag‘larini jalb etish bo‘yicha hisobotlari eshitildi.
Tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlari muhokama qilinib, energiya resurslarini ishlab chiqarish, yetkazib berish va taqsimlash hamda ularning hisobini yuritish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etishda amalga oshirilayotgan ishlar yetarli darajada samarali yo‘lga qo‘yilmaganligi qayd etildi.
Energetika tizimining mazkur yo‘nalishlarida tegishli rahbarlar tomonidan ijro intizomi susaytirib yuborilganligi ko‘rsatib o‘tildi, mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan ta'sirchan choralar qo‘llanilishi belgilandi.
Majlis kun tartibidagi masalalarning tanqidiy muhokamasidan kelib chiqib:
Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasining faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish, energiyadan oqilona foydalanish, energiya samaradorligini oshirish va mavjud energiya resurslarini tejash bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va qoloqliklarni tezkor bartaraf etish;
Energetika vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan manfaatdor vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda 2021-yilda 1,5 mlrd kVt soat elektr energiyasi, 0,74 mlrd kub metr tabiiy gaz va 5,8 ming tonna neft' mahsulotlarini iqtisod qilish chora-tadbirlari o‘z vaqtida
va sifatli amalga oshirilishi;
sanoat korxonalarida energiya audit, energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish yo‘nalishlarida faoliyat olib boradigan xodimlar uchun oliy ta'lim muassasalari va malaka oshirish markazlari bilan hamkorlikda davriy malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yilishini ta'minlash vazifalari belgilandi.
Shu bilan birga, foydalanilayotgan energiya resurslarining hisobini yuritish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etish sohasida:
elektr energiyasi hisoblagichlarni o‘rnatish ishlarini joriy yilning 1-avgustiga qadar to‘liq yakunlash, ASKUE tizimi yagona billing tizimiga ulanishini ta'minlash;
ASKUG tizimini joriy qilish investitsiya loyihasi doirasida elektron gaz hisoblagichlarni o‘rnatish ishlarini 2021-yil 1-dekabrga qadar to‘liq yakunlash vazifalari belgilandi.
Mazkur vazifalarning amalga oshirilishi ustidan doimiy asosda monitoring olib borish maqsadida Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta'minot” AJ va mutasaddi vazirliklar, idoralar rahbarlarining shaxsiy mas'uliyati hamda javobgarligini kuchaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.