O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Avtomobilsozlik uchun mutaxassislar tayyorlashda o‘zaro hamkorlik
2021-06-14 | Iqtisodiyot
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yil 10-11-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan Tojikiston Respublikasida bo‘ldi. Tashrif doirasida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish yuzasidan qator kelishuvlarga erishildi.
Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik doirasida energetika, transport, avtomobilsozlik, elektrotexnika, tog‘-kon va yengil sanoat, fan, ta’lim, sport hamda boshqa sohalarni qamrab olgan 35 ta hujjat imzolandi. Jumladan, oliy ta’lim sohasida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish alohida qayd etildi.
Ikki davlat Prezidentlarining Sug‘d viloyatining qadimiy Xo‘jand shahriga tashrifi doirasida mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi vazirlari Muhammadyusuf Imomzoda va Abduqodir Toshqulovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda hozirda Tojikiston va O‘zbekiston Respublikalarining ko‘plab yoshlari qo‘shni mamlakatlar oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishayotgani, bu boradagi hamkorlikni yanada kengaytirish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlik doirasida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarni Tojikistonda yig‘ish yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi. Bu, albatta, qo‘shni davlatlar o‘rtasida avtomobilsozlik hamda soha mutaxassislarini tayyorlash borasidagi hamkorlikka keng yo‘l ochib beradi. Shu o‘rinda mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoati tizimi uchun malakali mutaxassislar tayyorlab kelayotgan oliygohimizda kelgusida qo‘shni Tojikiston yoshlari ham o‘qib, bilim olishi, avtomobilsozlik sohasi mutaxassisliklarini puxta egallashlari mumkin bo‘ladi.
Ishonamanki, barcha yo‘nalishlar qatori ikki davlat o‘rtasida oliy ta’lim va avtomobilsozlik sohasi uchun kadrlar tayyorlash borasida yo‘lga qo‘yiladigan hamkorlik shubhasiz, ikki tomon uchun ham foyda keltiradi.
Manba: O'zA