Adliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil I yarim yillik ish rejasiga muvofiq davlat xizmatlari sohasida Prezidentning ayrim hujjatlari va topshiriqlari hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlarining ijrodagi holati bo‘yicha Qurilish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Kadastr agentligida o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganishda davlat xizmatlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari va topshiriqlari, shuningdek Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosi ta'minlanmaganligi, ayrimlari to‘liq ta'minlanmaganligi va muddat buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
O‘rganish davomida yuqoridagi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlashda muddat buzilganligi, ba'zi topshiriqlar ijrosi ta'minlanmaganligi aniqlandi. Mazkur holatlar bo‘yicha agentlik va vazirliklarga aniqlangan qonun hujjatlari buzilishini, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnomalar kiritildi.
2021-yil 11-iyun kuni Adliya vazirligi binosida adliya vaziri rahbarligida Qurilish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Kadastr agentligi rahbariyati va sohaga mas'ul xodimlari ishtirokida o‘rganishda aniqlangan qonun buzilishi holatlari tanqidiy muhokama qilindi.
Davlat xizmatlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari va topshiriqlari, shuningdek Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosi o‘z vaqtida ta'minlanmaganligi aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishda salbiy ta'sir qilayotganligi, bu esa aholi va tadbirkorlik sub'ektlarining e'tirozlariga sabab bo‘layotganligi tanqidiy ko‘rsatib o‘tildi.
Mazkur idoralar rahbarlari hamda mas'ullari o‘rganishda aniqlangan qonun buzilish holatlari va xato-kamchiliklarni e'tirof etgan holda, qisqa muddatda ularni bartarf etish hamda aybdor xodimlarga javobgarlik choralarini qo‘llashni ma'lum qildi.
Muhokama natijasi bo‘yicha ushbu idoralar mas'ullariga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan berilgan savollarga hamda sohada uchrayotgan muammolar bo‘yicha bildirilgan takliflarga atroflicha tushuntirishlar berildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi