O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AKT vaziri bilan Qiziltepa tumani yoshlari o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
2021-06-11 | Yoshlar
Bugun, 11 - iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sodiqov hamda Qiziltepa tumani hokimi birinchi o‘rinbosari N. Hayitov bilan tumani yoshlari o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Bugungi kunda axborot va raqamli texnologiyalar hayotning barcha sohalarida keng qo‘llanilib, aynan ta’lim jarayonini ham tez sur’atlarda rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Ta’lim berishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, samarali yondashuvlarni ishlab chiqish, ta’lim berishning ilg‘or uslublarini joriy etish orqali o‘sib kelayotgan yosh avlodni jahon sivilizatsiyasi yutuqlari bilan yaqindan tanishtirish, salohiyatli mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, hamda dunyo axborot resurslaridan keng ko‘lamda foydalanishlarini ta’minlash bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan, bugungi kunda yoshlar muammosini aniqlash, ularni hal qilish va yoshlarni birlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga zamonaviy ta’lim tizimida turli texnologiyalardan foydalanish, o‘quv jarayonida mavjud muammoni yangicha yondashuv asosida yechish, ta’lim tizimini isloh qilib jahon standartlariga mos ravishda shakllanishiga erishilmoqda.
Tadbir ochilishida AKT vaziri Sh. Sodiqov ta’kidlaganidek, hozirda yoshlar nihoyatda katta hajmdagi axborotlarga ega. Ular yaratilayotgan sharoitlardan kelib chiqqan holda, bilimlarini nafaqat yil, oy, balki kun sayin takomillashtirib borish, yangi texnologiyalar va startap g‘oyalar yaratish ustida jiddiy o‘ylashi, innovatsion ishlanmalarni turmush tarzimizga joriy etilishiga o‘z hissalarini qo‘shishlari kerak. Bugungi uchrashuvning asosiy maqsadi - dildan suhbatlashish va mavjud muammolarni muhokama qilib, ularni hal qilish hamda samimiy muloqot o‘tkazishdan iboratdir.
Ochiq muloqot davomida nafaqat IT sohaga oid muammolar, bundan tashqari yoshlarni qiziqtiradigan barcha masalalar ham batafsil muhokama qilindi. Yoshlar o’zlarining fikr va takliflarini bildirdilar.
Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda AKT sohasida yoshlarga barcha imkoniyatlar yaratish, ularning salohiyatini hayotga tatbiq etish uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda Ixtisoslashtirilgan IT maktablarni zamonaviy uskunalar, mebel, kompyuter texnikasi, shuningdek, o‘quv adabiyotlari, uslubiy qo‘llanmalar va boshqa vositalar bilan ta’minlash bo‘yicha namunaviy loyiha hamda me’yorlar ishlab chiqildi. 2021-2022-o‘quv yili davomida ushbu maktablarni to‘liq ishga tushirish maqsadida yagona namunaviy konsepsiya ishlab chiqish, maktablarning o‘quv dasturini xalqaro standartlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqish, universitet talabalarining malakaviy amaliyotni hududlarda o‘tash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator takliflar taqdim etildi.
Unga muvofiq, o‘tgan yili informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablar tashkil etilib jihozlangani, tizimdagi korxona va tashkilotlar ularga homiy sifatida biriktirilgani va 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgani sohada boshlangan islohotlar qat’iy, ortga qaytmas ekanligini tasdiqladi. O‘tgan yili 14 ta ixtisoslashtirilgan IT maktablar ochildi, joriy yilda 85 ta, 2022-yilda 64 ta va 2023-yilda 45 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilishi ko‘zda tutilgani ham shundan dalolat beradi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklarining “Dubai Future Foundation” jamg‘armasi tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinayotgan «Bir million dasturchi» (One Million Uzbek Coders) loyihasini istiqbol sari tashlangan muhim strategik qadam, deyish mumkin. Hozirgi kunda respublika miqyosida www.uzbekcoders.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tib “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ta’lim olayotganlar soni 200 mingdan oshdi. Ularning 50 ming nafardan ortig‘i bitiruvchi sertifikatini qo‘lga kiritdi.
2020-yilda loyiha doirasida 120 mingdan ziyod o‘quvchi ta’lim olib, ulardan 18 ming nafardan ortig‘i kurslarni muvaffaqiyatli tugatib, bitiruvchi sertifikatini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, keyingi ikki yilda bu ko‘rsatkichni 300 ming yetkazish va ularni kompyuter texnologiyalari yo‘nalishida bepul o‘qitish, masofaviy ta’limni va darslarni onlayn o‘tkazish imkoniyatini beradigan «Onlayn, raqamli, xavfsiz ixtisoslashtirilgan maktab», «Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish» axborot tizimlari yaratilib, ishga tushiriladi.
Shu yildan boshlab xalqaro IT sertifikatlarini qo‘lga kiritgan yoshlarga xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini qoplab berish vazifalari belgilandi.
Ayni paytda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi oltita litseyda jami ikki yarim mingdan ziyod o‘quvchi tahsil olmoqda. Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari, Samarqand axborot texnologiyalari va Yangiqo‘rg‘on axborot texnologiyalari texnikumlari faoliyat ko‘rsatyapti. Bugunga qadar imtihon asosida 569 nafar o‘quvchi saralab olindi. 2021-yilda esa, hududlarda yana 11 ta shunday texnikum tashkil etiladi.
Masofaviy ta’limni boshqarish bo‘yicha axborot tizimining texnik topshirig‘i, texnik loyihasi hamda TATUda masofaviy ta’limni joriy etish konsepsiyasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. 2020-2021- o‘quv yilida o‘nta fanning masofaviy ta’lim kontentlari o‘zbek va rus tillarida tayyorlandi. Fanlar bo‘yicha jami 320 ta videodars tasvirga olinib, montaj ishlari yakunlandi. Taqdimot materiallari, nazariy bilimlar bo‘yicha ma’ruza matnlari va bilimlarni nazorat qilib borish bo‘yicha test savollari to‘plami tayyorlandi. Masofaviy ta’lim kontentlari fanlar va mavzular kesimida masofaviy ta’lim platformasiga joylandi.
AKT sohasi uchun mutaxassislarni tayyorlaydigan 3 ta oliy o‘quv yurti, ya’ni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inxa va Amiti universitetlari o‘z faoliyatini olib bormoqda. Joriy yildan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nurafshon filiali o‘z faoliyatini boshladi.
Kelgusida raqamli universitetlarni tashkil etish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, Coursera (AQSh), EPAM (AQSh, Belarus) va Open University Malaysia (Malayziya) singari tashkilotlar bilan hamkorlik qilish hamda ulardan o‘quv materiallarini olishga kelishildi. Bu bilan hududlardagi yoshlarning, jumladan, ayollar va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining ishdan ajralmagan holda ta’lim olish orzusi ro‘yobga chiqadi.
- Yurtimizda axborot texnologiyalari bozori jadal rivojlanishi barobarida IT mutaxassislarga ehtiyoj ham tobora oshmoqda. Mana shu talabni qoplash maqsadida korxonalarni malakali IT kadrlar bilan ta’minlash uchun mahalliy oliy ta’lim muassasalari qoshida IT inkubatsiya markazlari tashkil etilmoqda.Yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilim va ko‘nikmasini oshirishda IT-parklarning o‘rni beqiyosdir. Bundan tashqari, texnopark qoshida IT-akademiya ochilib, unda qator yo‘nalishlar bo‘yicha yetakchi ekspertlarni jalb qilgan holda o‘quv kurslari ham tashkil etilmoqda, deb so‘zladi AKT vaziri Sh. Sodiqov.
Muloqot davomida yoshlar tomonidan sohani rivojlantirishga oid takliflar, mulohazalar bildirildi. Vazir Shuhrat Sodiqov ular tomonidan bildirilgan tanqidiy mulohazalar yuzasidan sohadagi tegishli korxonalar rahbarlariga topshiriq berar ekan, ayrim iqtidorli yoshlarning takliflarini shaxsan o‘zi bafurja ko‘rib chiqishga tayyorligini, lozim topilsa, ularning amaliyotga joriy qilinishi ustida ish olib borilishini qayd etdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi