Toshkentda xalqaro ISO 9001 sertifikati va SE markirovkasiga ega bo‘lgan korxonalar yana ikkitaga ko‘paydi
Bugun Toshkent shahar hokimligining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘limi - Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi xamkorligida VISTA ELECTRONICS GROUP va MEGA INVEST INDUSTRIAL korxonalariga xalqaro muvofiqlikni baholash idoralari tomonidan taqdim qilingan xalqaro ISO 9001 sertifikati va SE markirovkasi tantanali ravishda topshirildi.
ISO 9001 – xaridorlarning yuqori sifatli mahsulot va xizmatlardan foydalanayotganini kafolatlasa, SE markirovkasi – mahsulotga nisbatan qo‘llaniladigan maxsus belgi bo‘lib, mahsulot Yevropa Ittifoqi direktivalarining muhim talablariga va uyg‘unlashtirilgan standartlariga mos kelishini va mahsulotning muvofiqlikni baholash tartibidan o‘tganligini tasdiqlaydi va mahsulot iste'molchilarning sog‘lig‘i uchun xavfli emasligini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda bu imkoniyatni qo‘lga kiritgan korxonalar soni 21 taga yetdi. Toshkent shahrigi 6 ta korxonada bu sertifikatlar mavjud. Yil oxirigacha ularning sonini 23 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Qayd etish kerakki, avval ushbu sertifikatlarga ega bo‘lish uchun korxonalar ancha qiyinchiliklarga duch kelishgan. Bundan tashqari sertifikat uchun bojni ham o‘z yonlaridan to‘lashgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 826-son qarori va moliyaviy yordam ko‘rsatish tartibiga muvofiq Xalkaro standartlarni joriy qilish va muvofiqlik sertifikatlarini olishda MEGA INVEST INDUSTRIAL QK MChJga 4000 AQSh dollari, VISTA ELECTRONICS GROUP QK MChJga 3800 AQSh dollari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab berildi.
Eksportni rivojlantirish, ishlab chiqarishni maxalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga qaratilayotgan katta e'tibor va tadbirkorlarga bildirilgan bu ishonch samarali bo‘lishiga, Yevropa bozorlarida mahalliy mahsulot va xizmat turlarimizga talab ortishiga zamin yaratishiga umid qilamiz.
Manba: Toshkent shahar hokimligi