O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Inson huquqlarini ta’minlashda ombudsman va yuridik universitet hamkorlik qiladi

2021-06-11 | Siyosat

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi va ushbu memorandum doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) qoshida “Ombudsman klubi” tashkil etildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan “Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash kafolati” mavzusidagi davra suhbatida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova hamda Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahimjon Hakimov yurtimizda inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish hamda yuridik ta’limni yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.  – So‘nggi yillarda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlanib, uning vakolatlari kengaytirildi, – dedi davra suhbatida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova. – Ombudsman huzurida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yilib, bu orqali jazoni ijro etish muassasalarida, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlarining ta’minlanishi bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatildi. Hozir Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar soni ham kundan-kunga ortib bormoqda. Kuniga 150-200 ta, ba’zida undan ham ko‘p murojaatlar kelib tushadi. Bu bir tomondan xalqning Vakilga nisbatan ishonchini bildirsa, ikkinchi tomondan zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Shuning uchun fuqarolar ishonchini oqlash, murojaatlarni hal etishda natijadorlikka erishish hamda qiynoqqa qarshi kurashishda mavjud imkoniyat va resurslarimizdan unumli foydalanishga harakat qilyapmiz. Ammo shu bilan birga, malakali yuridik kadrlarga ehtiyojimiz ham ortib bormoqda. Chunki birgina murojaatni o‘rganib chiqib, davlat idoralariga so‘rov yuborish, axborot so‘rash, Vakil xulosasi yoki taqdimnomasini tayyorlash uchun ma’lum bir vaqt va malaka talab etiladi. Shunday ekan, yuridik universitet bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish har tomonlama samarali bo‘ladi. Maqsadimiz hamkorlikda ishlab, talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lagan holda boyitish, inson haq-huquqlarini ta’minlashda yuqori malakaga ega bo‘lajak yuristlarni yetishtirishga ko‘maklashishdir.   

Tadbirda yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish, talabalarning nazariy va amaliy tayyorgarligi o‘rtasida o‘zaro aloqani ta’minlash, ularda amaliy ishda zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirish, universitet talabalarini Ombudsman faoliyatiga keng jalb etish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama etildi. Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda inson huquqlarini kafolatlash borasida amalga oshirilgan islohotlar, Ombudsman institutining vakolatlari va faoliyat yo‘nalishlari, qiynoqlarga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosati va “Ombudsman klubi” a’zolarining Vakil faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda murojaatlar bilan ishlashdagi ishtiroki haqida so‘z bordi.  

Ombudsmanning universitetdagi vakili, Sud-huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura kafedrasi professori Gulchehra To‘laganova ma’ruza qilib, dunyo tajribasida Ombudsman institutining paydo bo‘lish tarixi, faoliyati, bugungi hayotimizda mazkur institutning ahamiyati borasida ma’lumotlar berdi. Shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) bilan hamkorlikda ishlash, murojaatlar bilan ishlashda, fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirishda qo‘l keladigan maxsus risola va o‘quv qo‘llanmalari tayyorlash bo‘yicha takliflarini bildirdi.  

Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan ta’limning uzluksizligi va uzviyligini ta’minlash, malakali yuridik kadrlarni tayyorlashning samarali mexanizmlarini joriy etish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda inson huquqlari bo‘yicha kafedra tashkil etildi. Endilikda inson huquqlari bo‘yicha magistratura yo‘nalishini ochish bo‘yicha muzokaralar ketmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar aynan inson huquqlarini ta’minlashda ishtirok etadigan yuridik kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. 

“Ombudsman klubi”ning tashkil etilishi ham bu boradagi muhim qadamlardan bo‘ldi. Ushbu klub a’zolari darsdan so‘ng Ombudsman instituti mutaxassislariga biriktirilgan holda murojaatlar bilan ishlash, qabullarda ishtirok etish, jazoni ijro etish muassasalarida o‘tkaziladigan monitoring tashriflarini kuzatish kabi yo‘nalishlarda o‘z ko‘nikmalarini oshirishlari mumkin. Bu esa, albatta, ularning bu yo‘nalishdagi bilim va malakasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Davra suhbati davomida universitetning kafedra mudirlari hamda professor-o‘qituvchilari, talabalari o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi, savollar bilan murojaat qilishdi. Jumladan, Ombudsman instituti hamda uning faoliyatini ilmiy jihatdan o‘rganish, ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish, xorijdagi mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rishda hamkorlik masalalari o‘rtaga tashlandi. Tomonlar hamkorlik memorandumi doirasida bildirilgan ushbu takliflarni amaliyotga tatbiq etishga kelishib olishdi.  

Manba: O'zA

Поделиться