O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

35 ta tumanlararo tibbiyot markazlari yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlanmoqda.

2021-06-11 | Sog‘liqni saqlash

Davlat rahbarining topshirig‘iga binoan Sog‘liqni saqlash vazirligiga travmatizm ko‘rsatkichlari va shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bemorlar murojaatlarini chuqur tahlil qilgan holda, yirik avtomobil trassalariga yaqin joylashgan hududlardagi shoshilinch tibbiy yordam muassasalari tarkibida tumanlararo qo‘shma jarohat va yurak-qon tomir kasalliklari bo‘limlari tashkil qilish vazifasi yuklatilgan edi.

Jahon bankining “O‘zbekistonda COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish” loyihasi doirasida keltirilgan tibbiy jihozlar.
 
Maqsad — butun dunyoda, shuningdek, mamlakatimizda ham xastaliklar orasida yetakchi o‘rinlarni egallab turgan yurak-qon tomir kasalliklari va shikastlanishlar oqibatida yuzaga kelayotgan o‘lim va chuqur nogironlik ko‘rsatkichlarini sezilarli kamaytirish. Ma'lumki, aynan shu ikki yo‘nalishdagi kasalliklarda tibbiy yordam ko‘rsatish muddati (tezkorligi) va to‘laqonliligi bemorning hayotini saqlab qolishda va undagi nogironlik holatlarini kamaytirishda hal qiluvchi omillar hisoblanadi.
 
Darhaqiqat, dunyodagi xavfli xastaliklar ro‘yxatida yurak-qon tomir kasalliklari oldingi o‘rinda turadi va deyarli barcha mamlakatlarda katta yoshdagi odamlarning asosiy o‘lim sabablaridan biridir. Ushbu kasalliklarda ro‘y beradigan shoshilinch vaziyatlarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ular to‘satdan paydo bo‘ladi, qiyin kechadi va bemorning hayoti ko‘rsatilayotgan birinchi yordamning tezkorligiga bog‘liq bo‘ladi.
 
Bundan tashqari, turli xil jarohatlar olingan paytda ham, ayniqsa avtohalokatlar sodir bo‘lganida tez tibbiy yordamning tezkorligi muhimdir. Bunda  inson hayotini saqlab qolish va uni nogironlikdan asrab qolishda har bir soniya ahamiyat kasb etadi. Har yili dunyoda avtohalokatlar tufayli 250 ming nafardan ziyod kishi halok bo‘ladi va 7 million nafar kishi jarohat oladi. Masalan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida har 15 daqiqada avtohalokat sodir bo‘ladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, aholining yoshlar qatlami (40 yoshgacha)ning avtohalokatlardan o‘lim darajasi yurak-qon tomir, onkologik, sil va yuqumli kasalliklardan o‘lim darajasi bilan bir qatorda oldingi o‘rinlardan birini egallaydi.
 
Shu sababdan ham,  Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan aholi soni va geografik joylashuvidan kelib chiqqan holda mamlakatimiz hududlarida tuman va shahar tibbiyot birlashmalari qoshida 35 ta tumanlararo qo‘shma jarohat va yurak-qon tomir kasalliklari markazlari tashkil qilindi.
 
 Qishloq hududlarida tashkil qilingan ushbu tumanlararo markazlarda zamonaviy standartlar asosida hamda yuqori texnologiyalarni keng qo‘llagan holda ixtisoslashtirilgan travmatologik, neyroxirurgik, angioxirurgik (qon-tomir xirurgiyasi), kardiologik (jumladan, koronarografik) yordam ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan. 
Asosan yuqori texnologik shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan ushbu tumanlararo markazlarni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash Xalqaro Taraqqiyot Assosiasiyasi ishtirokidagi “Shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish” investitsion dasturi doirasida moliyalashtirilmoqda. Ushbu dastur esa Jahon bankining “O‘zbekistonda COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish” loyihasi tarkibida bo‘lib, hozirda harid qilinishi lozim bo‘lgan tibbiy jihozlarning asosiy qismi yurtimizga olib kelindi va hududlarga yetkazilmoqda.
 
Aytish lozimki, har bir markaz ko‘p kesimli komp'yuterli tamograf, stasionar rentgen, mobil rentgen apparatlari, C-arm mobil rentgen tizimi, stasionar ul'tratovush apparati, PZR-apparati, yarim avtomat IFA, vibrokaustik apparat, bronxoskop, gastrofibroskop, transport o‘pka sun'iy ventilyasiyasi va sun'iy nafas berish apparatlari, xirurgik asboblar to‘plami kabi qator tibbiy jihozlar bilan ta'minlanmoqda.
 
E'tiborli jihati, pandemiya davrida ushbu markazlar hududlarda koronavirus infeksiyasining aniqlanishi kuchaygan vaqtda bemorlarni qabul qilish uchun shay holatda bo‘lib, bu turdagi kasallarni davolash uchun barcha jihozlar yetarli holatga keltirilmoqda. Pandemiya xavf solmagan davrda esa bu muassasalar viloyat markazidan olis hududlarda, jarohatlanish holatlari ko‘p bo‘ladigan xalqaro avtotrassalar yaqinida joylashgani sababli yurak-qon tomir kasalliklari xuruji va shikastlanishlar sodir bo‘lganida vaqt yo‘qotmasdan bemorlarga tezkor, yuqori texnologik yordam ko‘rsatish imkonini beradi.
 
Ushbu markazlarda faoliyat yuritadigan mutaxassislarni o‘qitish va malakasini oshirish ishlari ham boshlab yuborilgan.
 
Ta'kidlash joizki, mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil qilingan 35 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni qishloq aholisiga maksimal yaqinlashtirishga imkon yaratadi, shoshilinch tibbiy yordamni o‘z vaqtida va mukammal ravishda ko‘rsatish hisobiga esa minglab fuqarolarimizning hayotini saqlab qolishga va ularning faol mehnat qobiliyatini tiklashga yordam beradi.

Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Sоg`liqni sаqlаsh vаzirligi

Поделиться