8-11-iyun kunlari Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Qurbon Tursunov, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov va Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Najmiddinxo‘ja Sharipovlardan iborat O‘zbekiston delegatsiyasining Tataristonga xizmat safari amalga oshirilmoqda.
Tashrif davomida ikki tomon o‘rtasida investitsiya, savdo-eksport, uy-joy kommunal xizmat sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida shartnoma va kelishuvlarga erishish ko‘zda tutilgan. Tashrif chog‘ida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov Tataristondagi quvurlar va qurilish uchun metall konstruksiyalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Tempo” xolding kompaniyasi rahbarlari bilan uchrashdi. O‘zaro muloqot davomida tomonlar Toshkentda quvurlar uchun polipropilen uritan qoplamalarini ishlab chiqaruvchi zavodni tashkil etish loyihasini amalga oshirish masalasini muhokama etdilar.
Shuningdek, Sharof Rahmonov “Kukmara” kompaniyasining rahbariyati bilan ham uchrashib, tomonlar poytaxtimizda maishiy buyumlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish istiqbollari borasida fikr almashdilar. Ta'kidlash joiz, tashrif davomida o‘zbek delegatsiyasining Qozon shahri meriyasi mutasaddilari bilan uchrashuvi o‘tkazilishi hamda Toshkent va Qozon o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash masalasi muhokama etilishi rejalashtirilgan.
Manba: Toshkent shahar hokimligi