O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi loyihalar bo‘yicha tavsiyalar berildi
2021-06-09 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-iyun kuni madaniyat va ma’rifat sohalariga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Ulardan biri – Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida bunyod etiladigan zamonaviy kutubxonadir. Loyihaga ko‘ra, bu yerda 3 qavatli kutubxona qurilib, atrofida yashil hudud barpo etiladi. Binoning birinchi qavatida san’at va axborot texnologiyalari, ikkinchi qavatda tarix, filologiya va dinga taalluqli, uchinchi qavatda ijtimoiy fanlarga oid adabiyotlar jamlanadi. Ushbu kutubxona adabiyot, ilm-fan va san’atning turli yo‘nalishlariga oid bosma va elektron nashrlar, elektron hujjatlar, jami 1,5 milliondan ortiq kitoblar fondini qamrab oladi.
Davlatimiz rahbari kutubxonani qurishda shaharsozlikning ilg‘or tajribalarini qo‘llash, keluvchilarga qulay sharoitlar yaratish zarurligini ta’kidladi.
Navbatdagi loyihalar ham madaniyat rivojiga qaratilgan. Jumladan, Urganch shahrida Muhammad al-Xorazmiyning yangi haykalini va uning atrofida xiyobon barpo etish rejalashtirilgan.
Prezidentning 2020-yil 2-dekabrdagi qaroriga muvofiq, joriy yilda O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan Toshkent shahrida san’atkor haykalini o‘rnatish belgilangan. Taqdimotda shu borada Badiiy akademiya tomonidan tanlab olingan haykal eskizlari ko‘zdan kechirildi. Haykallar o‘rnatiladigan xiyobonlarni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti