O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
18-iyun kuni Moskva shahrida MDH Iqtisodiy kengashining 90-yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi
2021-06-08 | MDH
MDH davlatlari delegatsiyalari rahbarlari Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar iqtisodiy hamkorligining turli yo‘nalishlarini qamrab olgan qator masalalarni muhokama qiladi, deb xabar bermoqda «Dunyo AA muxbiri.
MDH Ijroiya qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Hamdo‘stlik Iqtisodiy kengashining 90-yig‘ilishi kun tartibiga MDHga a’zo davlatlarning Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi (XXYUK) hududida ko‘rgazma va savdo markazlarini yaratish masalasi kiritilgan.
2021-yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston pavilonlari ish boshlashi rejalashtirilgan. Hozirgi vaqtda XXYUK hududida Ozarbayjon, Armaniston va Belarus pavilonlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Moldova paviloni esa sinov rejimida ishlayapti. Ko‘rgazma va savdo markazlari MDHning yaqinlashib kelayotgan 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda faol ishtirok etadi.
Iqtisodiy kengash yig‘ilishida MDHning davlatlararo statistika qo‘mitasi MDHga a’zo davlatlar iqtisodiy rivojlanishining 2020-yilgi asosiy maqsadli makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etadi.
Shuningdek, MDH Iqtisodiy kengashi a’zolariga MDHga a’zo davlatlarning energetika sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha ustuvor chora-tadbirlar rejasi va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishda MDHga a’zo davlatlar hamkorligi konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha ustuvor chora-tadbirlar rejasi bajarilishi natijalari haqida ma’lumot beriladi.
Yig‘ilish ishtirokchilari, shuningdek, 2026-yilgacha mo‘ljallangan chigirtka zararkunandalarini fitomonitoring qilish va nazorat qilish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» hamda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha boshqa hujjatlarni ko‘rib chiqadi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi