O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Osiyo chempionati qahramonlari tantanali kutib olindi
2021-06-03 | Sport
BAAning Dubay shahrida o‘tkazilgan boks bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishishdi. Dubay ringlariga ko‘tarilgan 20 nafar bokschimizdan naqd 18 tasi vatanga medal bilan qaytdi.
G‘olib sportchilarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Bokschilarimizni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) raisi Rustam Shoabduraxmonov va boshqa masʼullar kutib olishdi.
Marosimning ikkinchi qismi MOQda davom etdi. Tadbirda Aziz Abduhakimov so‘zga chiqib, dastavval terma jamoamiz aʼzolarini yirik g‘alaba bilan qutladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bokschilarimizga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Tabrikning asl nusxasi O‘zbekiston boks federatsiyasiga tantanali ravishda topshirildi.
Qitʼa chempionatida qahramonlik ko‘rsatgan bokschilarimiz, ularning murabbiylari va ota-onalari ham yig‘ilish doirasida o‘z dil izhorlarini bildirishdi. Jumladan, Osiyo chempioni Sitora Turdibekova shunday dedi:
“Osiyo chempionatida bunday yuqori natijalarga erishishimizda albatta murabbiylarimizning hissalari katta. Ayniqsa, Prezidentimizning tabriklarini eshitgandan keyin quvonchimiz yana-da ortdi. Bizga ishonch bildirib, shunday sharoitlarni yaratib bergan davlatimiz rahbari hamda hukumatimizga cheksiz minnatdorlik bildiramiz. Kelgusida bundan ham yirik musobaqalarda munosib ishtirok etib, yurtimiz bayrog‘ini yana-da yuqori ko‘tarishga so‘z beramiz”.
Osiyo chempionati g‘olibi Bahodir Jalolovning onasi Sabohat Jalolova ham barchani g‘alaba bilan tabrikladi.
“Ushbu g‘alabalar barchaga muborak bo‘lsin. Biz - ota-onalar farzandlarimizning yutuqlaridan juda ham xursand bo‘ldik. Yangi O‘zbekistonga mana shunday yorqin g‘alabalar yarashadi. Umid qilamanki, o‘g‘il-qizlarimiz Tokio olimpiadasida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimizga oltin medallar bilan qaytishadi. Hurmatli Prezidentimiz boksga juda katta eʼtibor qaratmoqdalar. Viloyatlarda ham boks maktablarini ochish to‘g‘risidagi qarordan juda ham mamnun bo‘ldik. Yoshlarimizga yaratib berilayotgan mana shunday sharoitlardan keyin farzandlarimiz ortidan yana ko‘plab Osiyo va jahon chempionlari yetishib chiqadi, degan umiddaman. Shunday farzandlarimiz borligidan faxrlanamiz!”, - dedi u.
Shuningdek, tadbirda Osiyo chempioni Bahodir Jalolov, terma jamoamiz murabbiylaridan Rahmatjon Ro‘zioxunov, O‘zbekiston sport faxriylari Kengashi raisi Bahodir Maxsitov ham so‘zga chiqib, BAA ringlarida qo‘lga kiritilgan g‘alabalarning qadri, ayniqsa, muhtaram Prezidentimizning sportchilarga yo‘llagan tabrigi ahamiyatini alohida eʼtirof etishdi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, bokschilarimiz 2021-yilgi Osiyo chempionatida o‘z so‘zini aytishdi. Osiyo boksi tarixi zarvaraqlariga O‘ZBEKISTON nomi mangu muhrlandi. Endi navbat Tokio-2020 Olimpiadasiga. Umid qilamizki, yurtimiz charm qo‘lqop ustalari kunchiqar yurt ringlarida ham YANGI O‘ZBEKISTON nomini ulug‘lashadi!
“Ushbu qitʼa chempionati yigitlarimiz uchun joriy yil iyul oyida boshlanadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari oldidan muhim tayyorgarlik bosqichini o‘tadi. Nufuzli musobaqada munosib ishtirok etganligimiz yigitlarga, umuman jamoamizga katta ruhiy quvvat bo‘ldi. Yana bir jihatni aytishim kerak, O‘zbekiston terma jamoasi hali hech bir rasmiy Osiyo chempionatida 18ta medalga sazovor bo‘lmagan edi. Ushbu muvaffaqiyatlarimiz zamirida avvalo muhtaram Prezidentimizning sport sohasiga berayotgan ulkan eʼtibori, qolaversa pandemiya sharoiti bo‘lishiga qaramasdan Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston boks federatsiyasi bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganligi yotibdi. Maqsadimiz, Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarida ham Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish”, - dedi erkaklar terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Qurbonov.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi