O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mahoratli pedagoglarga sertifikatlar topshirildi
2021-06-02 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Geologiya fanlari universiteti tomonidan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani umumta’lim maktablari o‘qituvchilariga sertifikatlar topshirildi.
Geologiya fanlari universiteti hamda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 10 ta umumta’lim maktabi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Universitet tomonidan hamkorlikdagi maktablarning holati, o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi hamda boshqa ta’lim va tarbiya ko‘rsatkichlari o‘rganildi. To‘plangan ma’lumot va ko‘rsatkichlar asosida maktab rahbarlarining talab va tavsiyalari inobatga olinib, har bir maktab uchun «Universitet-maktab» hamkorlik dasturi ishlab chiqildi.
Hamkorlik doirasida maktablarda o‘qitish sifatini yanada oshirish, bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash haqida maktab rahbarlarining fikr va mulohazalari tinglandi. Mazkur maktablarga mos kafedra biriktirilib, universitetda matematika fani bo‘yicha o‘qituvchilarning kasbiy mahorati va ularga metodik yordam ko‘rsatish orqali malakasini oshirish muhokama qilindi.
Universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan har haftada 1-marta – dushanba kunlari matematika o‘qituvchilari uchun metodik seminarlar tashkil etildi. Bu seminarlarda o‘qituvchilarga qiyinchilik tug‘diradigan mavzular, masalan, to‘plamlar nazariyasi, matematik mantiq elementlari, tenglamalarni nostandart yechish, PISA – ta’limni xalqaro baholash tizimi kabi mavzular qamrab olindi. Seminarlarga faol qatnashgan o‘qituvchilarga universitet tomonidan sertifikatlar beriladi.
– Maktab o‘quvchilari o‘rtasida matematika fani bo‘yicha fan olimpiadalarini o‘tkazish va g‘oliblarga «Universitet stipendiyasi»ni joriy etish, yuqori sinf o‘quvchilarini oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tayyorlaydigan maxsus o‘quv-tayyorlov kurslarini tashkil etish, besh tashabbus doirasida sport musobaqalari hamda ijodiy kechalar tashkil etish yuzasidan kelishib olindi. Bu borada hamkorlikdagi maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari uchun har chorshanba kunlari darsdan keyin matematika fanidan to‘garak tashkil etildi, – deydi Geologiya fanlari universiteti matbuot xizmati rahbari Rasuljon Nafasov.
Bu kabi OTMlar va maktablar o‘rtasidagi hamkorlik maktablar uchun g‘oyat manfaatli bo‘lib, umumta’lim tizimini mazmunan boyitadi. Maktabdagi o‘quv jarayoni, tarbiyaviy ishlarga universitet professor-o‘qituvchilarining jalb etilishi bir qator muammolarni hal qilishda ahamiyatlidir. Oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari barcha maktablarga jalb etilsa, zarur o‘rinlarda o‘rindoshlik asosida ishlashi uchun shart-sharoitlar yaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shunda ta’lim muassasalarining barchasida o‘qitish mazmunini oshirishga erishiladi.Tadbir yakunida o‘quv-metodik seminarlarda faol ishtirok etgan mahoratli o‘qituvchilarga sertifikatlar, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Manba: O'zA