O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mo‘ynoqqa madadkorlar Xorazmda
2021-06-02 | Ekologiya
Andijon viloyatining Xonobod shahridan yo‘lga otlangan «Mo‘ynoqqa madad» ekologik xayriya velomarafoni ishtirokchilari 1 iyun kuni Xorazm viloyatiga yetib keldi.
Velomarafon ishtirokchilariga viloyat chegarasida mahalliy professional va havaskor velosportchilar qo‘shilib, Xivagacha birga yetib bordi.
Ularni yoshi yigirma besh asrga teng ko‘hna Xiva shahridagi «Ichan qal’a» majmuasining «Ota darvoza»si oldi maydonida O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston velosiped sporti Federatsiyasi hamda Xiva shahrining keng jamoatchilik vakillari tantanali kutib oldi.
Tashkil etilgan matbuot anjumanida mazkur ekologik xayriya velomarafonining o‘tkazilishidan asosiy maqsad, Orolbo‘yi hududida yashayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish, korxona va tashkilotlar, tadbirkorlar va faol fuqarolarning ixtiyoriylik asosida xayriya va homiylik mablag‘larini jalb etishdan iborat ekani ta’kidlandi.
Bugun viloyat hokimi Farxod Ermanov Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi majmuasida o‘tkazilgan tadbirda xayriya velomarafoni uchun 200 million so‘mlik sertifikatni tantanali ravishda topshirdi va velomarafon ishtirokchilariga oq yo‘l tiladi. Mazkur velomarafon Orolbo‘yi hududida yashayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, undan tushgan mablag‘lar Mo‘ynoq tumanidagi «Aliovul» ovulini obod qilish, sug‘orish-irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, ish o‘rinlari yaratish va aholining boshqa muammolarini hal etish bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi,
– deydi O‘zbekiston Respublikasi turizm va sport vazirligi boshqarma boshlig‘i Umid Rajabov. – «Mo‘noqqa madad» velomarafoni doirasida Xorazm vohasida ikki kun davomida turli sport va madaniy tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda ekologik marafon ishtirokchilari faol qatnashdi.
Marafon esa velosportni ommalashtirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bilan birga Orolning qurib qolgan hududida saksovul va boshqa sho‘rga chidamli o‘simliklardan iborat butazorlar barpo etilishi, hududda yashayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga keng jamoatchilik e’tiborini qaratishga xizmat qiladi.
Manba: O'zA