Aziz pillakorlar! Qadrli fermerlar!
Siz, azizlarni shu kunlarda o‘ta mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli mehnatingiz evaziga qariyb 2 ming 400 tonna yuksak pilla xirmoni bunyod etib, shartnoma majburiyatingizni ado etganingiz bilan samimiy tabriklashdan, chin qalbimdan hurmat va ehtiromimni bildirishdan baxtiyorman.
Pilla yetishtirishning o‘zi har qaysi pillakor, fermer va mutaxassisdan naqadar murakkab va og‘ir mehnatni, chuqur bilim va tajribani, lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsak, kundalik fidoyilikni talab qilishini xalqimiz yaxshi biladi va bu yilgi mavsumda qo‘lga kiritgan zafarlaringizni yuksak baholaydi, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.
Shu ma'noda, bugungi yuksak xirmonni bunyod etishda o‘zini ayamasdan, jonbozlik ko‘rsatib, aytish mumkinki, qahramonona mehnat qilgan pillakorlarga o‘z nomimdan, barcha buxoroliklar nomidan minnatdorlik izhor etib, ularga tahsin va tasannolar bildirishni ham qarz, ham farz, deb hisoblayman.
Aziz do‘stlar!
Pillachilikda yutuqlar omili albatta, sohada ozuqa bazasi ta'minotiga chambarchas bog‘lanadi. Shu boisdan viloyatda joriy yil bahor mavsumida yakka qator tut ko‘chatlarini o‘tqazish va tutzorlarni kengaytirishga jiddiy kirishildi.
Amalga oshirilgan ishlarga nazar solsak, viloyat miqyosida bu yil erta bahorda 12 million 202 tup tut ko‘chatlari ekildi.
Viloyatda pilla yetishtirishda kengaytirilayotgan tutzor maydoni bu yil 4 ming 302 gektarni tashkil etib, o‘tqaziladigan tut soni 15 million tupdan oshiriladi.
Pillakorning pirovard mehnat natijasi rag‘batu manfaatdorlikka bog‘liq ekan, mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 29 martdagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Mazkur hujjatga ko‘ra, pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchilar mehnatiga haq to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘lar bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lovlardan ozod qilindi. Uy sharoitida pilla yetishtiruvchilar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lamaydigan bo‘ldi. Pilla boquvchilar va tizim kasanachilarining pilla mavsumidagi davrda bajargan ishlari ularga pensiya tayinlashda bir yillik ish staji, deb hisoblanmoqda. Bu yanada yaxshi natijaga undaydigan manfaat, pilla yetishtiruvchining mo‘l daromadiga omil deganidir.
Qolaversa, mavsum boshida rag‘batlantirish o‘rnida har bir pillakor oilasiga berilgan 400 ming so‘mdan bo‘nak puli, bir qop un va 8 litr o‘simlik yog‘i, rejadan tashqari qabul qilingan pillaning har kilogramiga tarozi boshida 30 ming so‘mdan mukofot puli berilgani umumiy yutuqqa erishishda muhim vosita bo‘ldi.
Bu jarayonda viloyat Bandlik bosh boshqarmasi “Agropilla” tashkiloti bilan hamjihatlikda qishloq aholisini, ayniqsa, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni ish bilan ta'minlash va ularning daromadlarini oshirish uchun 1 qutidan pilla tarqatib berish orqali daromadli qilish choralari ko‘rilgani ham o‘z natijasini berdi.
Mana shu quvonchli ayyomda o‘z shartnoma majburiyatlarini birinchilardan bo‘lib ado etgan Shofirkon, Buxoro, Peshko‘, Olot, Qorako‘l, Kogon, Jondor, Romitan, G‘ijduvon tumani mehnatkashlari viloyatimizning yuksak “kumush tola” xirmoniga munosib hissa qo‘shganini minnatdorlik bilan ta'kidlashni istardim.
Shuningdek, Shofirkon tumanidagi Namoz Oripov, Mohigul Yahyoeva, Peshko‘ tumanidagi Nozima Qulmatova, Tojibegim Rajabova, Romitan tumanidagi Dilshoda Jo‘raeva, Dilrabo Ravshanova, Olot tumanida Shahzoda Chorieva, Mo‘'tabar Suvonova, G‘ijduvon tumanidagi Dildora Teshaeva, Muqaddas Shomurodova, Vobkent tumanidagi Dilrabo Oripova, Ro‘zigul Shukurova, Qorako‘l tumanidagi Xurshida Rahimova, Nasiba Choriqulova, Kogon tumanidagi Mohigul Hamidova, Dilsora Bahrieva, Jondor tumanidagi Ma'mura G‘afurova, Buxoro tumanidagi Gulsara Shamsieva, Muattar Ostonova singari yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan zvenolarga samimiy tashakkur bildiraman.
Shular qatorida fidokorona mehnat qilib, katta hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lgan fermerlarimiz, viloyatimizning ulkan xirmoniga munosib hissa qo‘shgan barcha-barcha insonlarni chin qalbdan tabriklash menga katta xursandchilik bag‘ishlaydi.
Qadrli do‘stlar!
Viloyatimizda qimmatbaho sanoat xom ashyosi––pillaning har kilogrami tannarxi yil sayin o‘sib, pillakorlar xo‘jaliklari soni ortayotgani barobarida fuqarolar bandligi ham oshib bormoqda. Xususan, joriy yilgi mavsumda 3,5 ming nafar doimiy, 80 mingdan ortiq mavsumiy ishchi jalb qilindi. Buning natijasida qabul maskanlarida saranjomlangan pilla hosilini xom ashyo emas, balki qayta ishlangan holda chet davlatlarga eksport qilishga qaror qilingan. Joriy yilda qayta ishlashga yo‘naltirilayotgan 2 ming 354 tonna “kumush tola”ning umumiy mahsulot eksporti qiymati 8,6 million AQSh dollari miqdorida baholanmoqda.
Shu o‘rinda, qayta ishlanadigan xom ashyo turlariga to‘xtalsak, 169 tonna xom ipak va 113 tonna ipak momig‘ini qayta ishlashdan 392 ming pogonometr hajmdagi ipak mato, yana qirqqa yaqin gilam mahsuloti tayyorlanadi va xorijiy buyurtmachi hamkorlarga yetkaziladi.
Shuning barobarida yaqin oylarda viloyatda pillachilik tarmog‘ida ishga tushiriladigan 4 ta yangi loyihaga e'tibor va qiziqish kuchli. Chunonchi, ayni paytda Buxoro, Olot, Qorako‘l va G‘ijduvon tumanlarining har birida 2 million AQSh dollari qiymatidagi loyihalar amalga oshirilishi va qayta ishlash tizimini modernizasiyalashtirish hisobidan joylarda jami 19 ming kishini ish bilan ta'minlash imkoniyati yaratiladi. Umuman, sohada olib borilayotgan yangilanishlar tufayli viloyatda joriy yil avgust, sentyabr' oylarida ham fermer xo‘jaliklari va oilaviy zvenolar, kasanachilar tomonidan yana 4 ming 200 quti ipak qurtini parvarishlash, ishlab chiqarishga qo‘shimcha 170 tonna “kumush tola” xom ashyosini yetishtirish chora-tadbiri ko‘rilmoqda. Bu xirmon ham viloyat iqtisodiyotiga munosib hissadir.
Buning hisobidan biz dehqon va fermerlarimizning, qishloq ahlining daromadlarini oshirishga, ko‘zlagan ezgu marralarimizga yetish, el-yurtimizni yanada obod va farovon bo‘lishiga erishamiz.
Aziz pillakorlar!
Mana shunday xursandchilik kunlarda barchangizni qo‘lga kiritilgan qishloq xo‘jaligini dastlabki katta mehnat g‘alabasi bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
O‘ylaymanki, pilla yetishtirishdagi bu muvaffaqqiyat keyingi yutuqlarimizga mustahkam asos bo‘ladi. Xususan, erta-indin boshlanishi kutilayotgan g‘alla o‘rim-yig‘imidan ham barakali hosil olamiz va bu boradagi rejani ham sharaf bilan uddalaymiz.
El-yurtimiz, xonadonlarimizdan fayzu baraka, tinchlik-osoyishtalik arimasin!
Yaratganimizning o‘zi barchamizga doimo madadkor bo‘lsin!
Hech qachon kam bo‘lmang, halol mehnatingizning rohatini ko‘ring!
Botir Zaripov
Buxoro viloyati hokimi
Manba: Buхоrо vilоyati hоkimligi