O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi rasman ish boshladi
2021-06-01 | Yoshlar
Elchixona tashabbusi bilan O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi ushbu mamlakatda nodavlat-notijorat tashkiloti sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Shu munosabat bilan Inchon shahrida assotsiatsiya vakolatxonasining rasman faoliyat boshlashiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Seuldagi elchixonasi xodimlari, Janubiy Koreya-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi, Inchon shahar meriyasi, Seul global markazi vakillari, shuningdek, Janubiy Koreyadagi nufuzli ommaviy axborot vositalaridan biri - «The Korea Post» nashrining muxbirlari hamda mazkur mamlakatda tahsil olayotgan talaba yoshlar va xorijlik mehmonlar ishtirok etdi. Anjumanda so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda yoshlar masalasiga davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralayotgani, yoshlarga bildirilayotgan ishonch yildan-yilga mustahkamlanib, ularning jamiyatda faol bo‘lishi, ilm olishi va yurt ravnaqi yo‘lida munosib mehnat qilishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotgani alohida qayd etildi.
Mamlakatimiz Prezidenti o‘tgan yil 25-dekabr kuni yoshlar bilan ochiq muloqat qilgani, ular bilan dildan suhbat qurib, yoshlarning maqsad va rejalarini tinglagani, buning mantiqiy davomi sifatida davlatimiz rahbari tomonidan 2021-yil yurtimizda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb eʼlon qilingani taʼkidlandi.
Maʼlumki, yurtimizda yosh avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, xorijda taʼlim olayotgan hamda mehnat qilayotgan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish borasida eʼtiborga molik amaliy ishlar hayotga tadbiq etilmoqda. Yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratishning mustahkam huquqiy zamini yaratilgani holda bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirilmoqda.
Elchi Vitaliy Fen anjuman ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llab, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasining rasman faoliyat boshlagani bilan qutladi. Ushbu tashkilotning Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan, taʼlim olayotgan va vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonlik yoshlarni birlashtiruvchi kuch bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Inchon shahar meri Pak Nam Chun ham tadbirda onlayn shaklda ishtirok etib, ushbu vakolatxona o‘z faoliyati davomida ikki mamlakat yoshlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish ishida ko‘prik vazifasini o‘tashiga umid bildirdi.
Tantanali marosimda barcha o‘zbek yoshlarini o‘z atrofida birlashtirgan tashkilot birinchi marotaba Koreya Respublikasida rasman ro‘yxatdan o‘tib, o‘z faoliyatini boshlayotgani alohida qayd etildi.
- Xorijdagi yoshlarini bu darajada qo‘llab-quvvatlaydigan davlatlar soni ko‘p emas, - dedi Inchon shahar meriyasining xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Chjan Ji Hak. - O‘zbekiston ana shunday mamlakat ekani meni juda quvontirdi. O‘ylaymanki, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi o‘z faoliyati davomida ikki davlat yoshlari o‘rtasidagi hamkorlikda ham tashabbuskor bo‘lib, mamlakatlarimiz ravnaqi uchun salmoqli hissa qo‘shadi.
- O‘zbekistonda ko‘p bo‘lganman,- dedi Janubiy Koreya-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Edvard Kim. – Har safar mamlakatingizda yoshlar bilan yangicha ishlash bo‘yicha qator hujjatlar qabul qilinayotganiga, ularda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘rgatish, bandlikni taʼminlash, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish kabi masalalar qamrab olinganiga guvoh bo‘laman.
Yoshlar assotsiatsiyasining nodavlat-notijorat tashkiloti sifatida Janubiy Koreyada rasman ro‘yxatdan o‘tishi xorijda taʼlim olayotgan hamda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonliklar bilan ishlash, jumladan, ular bilan muntazam ravishda muloqot olib borib, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning debochasi hisoblanadi.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi rasman ro‘yxatdan o‘tkazilishida Janubiy Koreya-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi elchixonaga yaqindan ko‘mak ko‘rsatdi. Xususan, mazkur tashkilot Inchon shahrida joylashgan bosh ofisidan Yoshlar assotsiatsiyasi vakolatxonasi uchun joy ham ajratdi.
Ishtirokchilar eʼtiboriga O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati haqida, shuningdek, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi faoliyati haqida hikoya qiluvchi video va bosma axborot materiallari taqdim etildi. Shuningdek, mamlakatimiz elchisining O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi bir guruh faollariga tashakkurnomalari topshirildi. Tadbir O‘zbekiston va Janubiy Koreya yoshlari hamkorligida tayyorlangan madaniy dastur namoyishi bilan yakunlandi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi