O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi buxorolik yoshlar bilan uchrashdi
2021-06-01 | Yoshlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan Romitan tumanidagi Xotira va istirohat bog‘ida yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev, Romitan tumani hokimi Xurshid Toirov, Buxoro viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mirali Hamroyev buxorolik yoshlar bilan dildan suhbatlashdi.
Samimiy suhbat jarayonida mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining negizi yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarish orqali yoshlarning bandligini ta’minlash ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi to‘g‘risida fikrlar bildirildi.
Bularning zamirida yoshlarning faolligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarish orqali yoshlarning bandligini ta’minlash ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi aytildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi o‘zining yoshlik davrlari haqida so‘zlab berdi. Bilim olish, kitob o‘qish orqali yaxshi natijalarga erishish mumkinligini hayotiy misollari orqali gapirib berdi. Barcha mashaqqatlarning zamirida mehnat yotganligini ta’kidladi.
– Fursatdan foydalanib, epidemiyaning murakkab sharoitlarida ham qat’iyat, sabr-toqat, o‘rganishga, yangi bilimlarni o‘zlashtirishga tayyorligingiz uchun sizlarga minnaddorchilik bildirmoqchiman, – dedi u. – Yoshlarning bandligini ta’minlash davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. O‘ylanmanki, bu borada o‘tgan yili tuman hududida barpo etilgan yangi sanoat ishlab chiqarish ob’ekti, ya’ni “Gazli” gazni qayta ishlash zavodining ishga tushirilishi hudud yoshlarini ish bilan ta’minlashda o‘z hissasini qo‘shdi.
Uchrashuvda yoshlarga tizimdagi korxonalar ehtiyoji uchun yuqori salohiyatga ega, chet tillarini mukammal biladigan yoshlar zarurligi ta’kidlandi. “IELTS” sertifikatiga ega bo‘lgan maktab bitiruvchilari kelgusida oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-shartnoma asosida ta’lim olgan taqdirda ularning kontrakt to‘lovlari “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tizim korxonalarida ishlab berish sharti bilan qoplab berilishi, oliy o‘quv yurtini tugallaganidan so‘ng doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanishi ma’lum qilindi.
Uchrashuvda yoshlar tomonidan oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonlari, neft-gaz korxonalariga ishga joylashish va boshqa yo‘nalishlarda bir qancha taklif va murojaatlar qilindi.
Har bir murojaatning ijrosi alohida nazoratga olinishi va qonun doirasida ta’minlanishi yoshlarga uqtirildi.
Uchrashuv kun tartibidagi masalalar yuzasidan yoshlar bildirgan fikr va mulohazalarni inobatga olib, Buxorodagi “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi korxonalar hamda Romitan tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda vakant ish o‘rinlari uchun oliy o‘quv yurtlari va o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga bildirilgan holda shaffof tanlov e’lon qilinishiga qaror qilindi.
Uchrashuvda “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi korxonalarning mutasaddilari ham qatnashdi.
Uchrashuv yakunida ilm-fan, san’at, sport, madaniyat sohalarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan, shuningdek, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi tomonidan sovg‘alar berildi.
Uchrashuv doirasida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida tadbirlar tashkil etildi. Tadbirlarda madaniyat, adabiyot, san’atga qiziquvchan yoshlar o‘z iqtidorlarini namoyish etishdi. Ular sportning kurash, shaxmat-shashka kabi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashishdi.
"Salomatlik uchun besh ming qadam" shiori ostida ommaviy yurish marafoni uchrashuv tadbiriga ulanib ketdi.
Manba: O'zA