O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Prezidentimiz ertaga Surxondaryoga boradi

2021-05-31 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov jurnalistlar uchun brifing o‘tkazdi.

Tadbir avvalida Sherzod Asadov davlatimiz rahbarining o‘tgan haftadagi faoliyati haqida qisqacha axborot berdi. Jumladan, 24-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda maktabgacha ta’lim muassasalari qamrovini kengaytirish masalalari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev bu yil maktabni tugatib, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlarimizga birinchi bor tabrik yo‘lladi.

28-may kuni davlatimiz rahbari mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ko‘p qavatli uy-joylar barpo etish va ularga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

30-may kuni Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan Seul shahrida videoanjuman shaklida o‘tayotgan “Yashil o‘sish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030” ikkinchi xalqaro sammiti ishida ishtirok etdi.

Ikki kunlik forum kun tartibidan iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yengib o‘tish, “yashil” tiklanish va uglerod neytralligini ta’minlash, shuningdek, BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va Iqlim bo‘yicha Parij bitimi qoidalarini bajarish masalalari o‘rin olgan.

Tadbirda dunyoning yetakchi mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari, yuqori darajadagi vakillari, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda. Xususan, sammitda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Yevropa Kengashi Raisi Sharl Mishel va Yevropa Komissiyasi Raisi Ursula fon der Lyayen, Germaniya Kansleri Angela Merkel, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson, XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyan, AQSH Prezidentining iqlim masalalari bo‘yicha maxsus vakili Jon Kerri, XVF boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva, Yashil o‘sish global instituti raisi Pan Gi Mun va IHTT bosh kotibi Anxel Gurriya qatnashmoqda.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida “yashil” tiklanish sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlarning muhim yo‘nalishlarini qayd etdi hamda bu boradagi xalqaro hamkorlikning istiqbollari yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon qildi.

Sherzod Asadov bu haftada Prezident Shavkat Mirziyoyev qanday tadbirlarda ishtirok etishi haqida to‘xtalar ekan, bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimotida ishtirok etishini ma’lum qildi. Shuningdek, juma kuni yer hisobi va davlat kadastrlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lishi mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, joriy yilning 1-2-iyun kunlari Prezidentimizning Surxondaryo viloyatiga tashrifi rejalashtirilgan.

Sherzod Asadov brifingda Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvi qachon bo‘lib o‘tishi haqida berilgan savolga javob qaytarar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tuzilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvini oflayn shaklda, yuzma-yuz ko‘rishib o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.  

Manba: O'zA

Поделиться