O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Namanganda nafosat malikalari o‘zaro bahslashmoqda
2021-05-31 | Sport
Shu kunlarda Namangan shahridagi "Pahlavon" sport majmuasida 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni hamda 60-bor o‘tkazilayotgan anʼanaviy Xalqaro gullar festivaliga bag‘ishlab badiiy gimnastika bo‘yicha birinchi “East cup” xalqaro turniri bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Namangan viloyati hokimligi hamda Xalqaro sport klublari assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur musobaqada avvalo qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning gimnastikaga bo‘lgan qiziqishni oshirish, xalqaro sport munosabatlarini rivojlantirish, murabbiy va sportchilar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish maqsad qilingan.
Sportning nafis turi bo‘lmish badiiy gimnastika bo‘yicha Namanganda ilk marotaba tashkil etilayotgan xalqaro darajadagi mazkur musobaqada mamlakatimizning barcha hududlari, qolaversa qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasidan kelgan 300 nafardan ziyod sportchi qizlar ishtirok etmoqda.
Nafosat, go‘zallik, joziba va nozik hatti-harakatlarni o‘zida aks etgan bahslarda 2002-2017-yillarda tavallud topgan qizlar turli yosh toifalarida yakkalik va jamoaviy mashqlarda o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishyapti.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi