O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi Maxsus vakili bilan uchrashuv
2021-05-31 | Siyosat
2021-yil 28-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidikov Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining Yevropa ishlari bo‘yicha byurosi Bosh direktori o‘rinbosari, Markaziy Osiyo bo‘yicha Maxsus vakili Shuichi Tokuda bilan videokonferensaloqa shaklida muzokaralar o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari, bo‘lajak qo‘shma tadbirlarning tashkiliy jihatlari hamda xalqaro tashkilotlar va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar davlatlar o‘rtasidagi aloqalarning O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyidagi Yaponiyaga rasmiy tashrifi va mamlakatimiz yetakchisining 2021-yil 12-may kuni Yaponiya Bosh vaziri Yosixide Suga bilan o‘tkazgan telefon muloqotidan keyin sezilarli faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Shu nuqtayi nazardan ikki tomonlama munosabatarning yuqori darajasini saqlab qolish, strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish va istiqbolli investitsiya loyihalarini ishlab chiqishning muhimligi ta’kidlandi. O‘zaro savdo hajmlarini oshirish va nomenklaturasini diversifikatsiya qilishning zarurligi e’tirof etildi.
Ta’lim sohasidagi hamkorlik, jumladan O‘zbekiston yoshlari o‘rtasida yapon tilini o‘rganishni rag‘batlantirish uchun kerakli choralarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston-Yaponiya kun tartibining boshqa masalalari bo‘yicha ham fikr almashildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi