“Mangold Consulting” kompaniyasi raisi Klaus Mangold bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
28-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida “Mangold Consulting” kompaniyasi raisi va “EI – O‘zbekiston” Ishbilarmonlar kengashi hamraisi Klaus Mangold bilan uchrashdi.
Uchrashuv kun tartibi bilan O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligining keng ko‘lamli masalalari qamrab olindi.
Tomonlar O‘zbekiston va GFR hukumati, ishbilarmonlar va ekspertlar doiralari o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta'kidladilar. Shu munosabat bilan Germaniya tomoni mamlakat vazirliklari, idoralari va yirik kompaniyalari bilan manzilli muzokaralar o‘tkazish uchun O‘zbekiston delegatsiyasining Berlinga tashrifini tashkil etishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Germaniya kompaniyalarining energetika, yengil sanoat, elektrotexnika va farmasevtika sanoati, avtomobilsozlik va qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarga investitsiyalar kiritishga qiziqishi alohida ta'kidlandi. O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish uchun Germaniyaning yangi kompaniyalarini jalb etish bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Shu nuqtai nazardan K.Mangol'd xorijiy investorlar uchun mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish maqsadida O‘zbekistonda xususiylashtirish dasturini sifatli amalga oshirish muhimligini qayd etdi. U zaruriyat yuzaga kelganda tegishli Germaniya kompaniyalari va moliya institutlarini O‘zbekiston davlat aktivlari, yirik korxonalar va tijorat banklari aksiyalarini xususiylashtirish jarayoniga jalb etishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va talim sohasini raqamlashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda yetakchi nemis kompaniyalarining tajribasini qo‘llash istiqbollari ko‘rib chiqildi – O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari bilan bu yo‘nalishda birgalikda ishlash uchun bevosita o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.
Vodorod energetikasi sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e'tibor qaratildi. Germaniya tomoni malumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda vodorodga asoslangan yangi texnologiyalarni joriy etilishi elektr energiyasi ishlab chiqarish, gaz-kimyo sanoatini rivojlantirish, kimyoviy moddalar va o‘g‘itlar ishlab chiqarish hamda metallurgiyada foydalanish uchun qo‘shimcha hajmda tabiiy gazni jamlab qo‘yish imkonini beradi.
Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida tomonlar koviddan keyingi davrda O‘zbekiston – Germaniya savdo aylanmasini oshirish bo‘yicha kelgusida hamkorlikda olib boriladigan ishlarni belgilab oldilar. Bunga ko‘p jihatdan O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining Preferensiyalar bosh tizimi (“GSP+”) benefisiar maqomini olganligi qo‘l kelishi mumkinligi qayd etildi. Shu munosabat bilan tomonlar mahalliy eksportchilarning “GSP+” tizimidan foydalanishda to‘g‘ri yondashuvini ta'minlash va o‘zbek ishlab chiqaruvchilari o‘z mahsulotlarini Yevropa mamlakatlari bozorlariga olib chiqishlariga qaratilgan o‘quv tadbirlarini o‘tkazishga kelishib oldilar.
Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Germaniya tomoni “Orolbo‘yi mintaqasi – ekologik innovasiyalar va texnologiyalar zonasi” konsepsiyasini amalga oshirishga beg‘araz yordam va grantlar mablag‘larini jalb qilish uchun Orolbo‘yi mintaqasidagi vaziyat haqida jahon hamjamiyatining xabardorligini oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar yakunida qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni faollashtirish hamda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Germaniya hamkorligining yangi yo‘nalishlari ustida ish olib borish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi