O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat korxonalarini isloh qilish dasturiga bag‘ishlangan xalqaro forum bo'lib o'tdi
2021-05-28 | Jamiyat
Joriy yilning 27-may kuni Toshkentda "Davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish: iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi" mavzusidagi xalqaro forum bo'lib o'tdi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Jahon banki tomonidan tashkil etilgan tadbirning maqsadi – ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning holatini baholash, islohotlar va istiqboldagi vazifalar muhokamasi. Forum ishtirokchilari O'zbekiston Respublikasining Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish va moliya vazirliklari, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbarlari, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, BMTTD, shuningdek davlat korxonalari, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati vakillaridan tarkib topdi.
Tadbir boshida Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli va Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha Jahon bankining mintaqaviy vitse-prezidenti Anna Byorde delegatlarni qutlab murojaat qildilar.
Forum dasturini Bosh vazir o'rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo'chqorov ochib berdi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining direktori Akmalxon Ortiqov, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov va Jahon bankining Xitoy bo'yicha mintaqaviy direktori Martin Rayzer 2021-2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi hamda ularni xususiylashtirishning transformatsion ta'siri bo'yicha asosiy ma'ruzalarni taqdim etdilar.
Moliya vaziri Timur Ishmetov o'z ma'ruzasida amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida gapirib, quyidagilarni ta'kidladi:
- Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni boshqarishda bir qator tizimli muammolar aniqlandi. Ular orasida – muvofiqlashtirish hamda sohalarni rivojlantirishga va iqtisodiyotni diversifikatsiyalashga nisbatan tizimli yondashuv yetishmasligi, ortiqcha ma'muriy tartibga solish, sog'lom raqobat muhitining mavjud emasligi, uskunalarning yuqori eskirishi va beqaror moliyaviy holati sababli sust rivojlanish, avtomatlashtirilgan tizimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarining yetarli darajada tatbiq etilmaganligi.
Bularning barchasi rejalashtirilgan islohotlarni samarali amalga oshirishga va mamlakatning jadal innovatsion rivojlanishiga to'sqinlik qilmoqda. Vaziyatni yaxshilash uchun bir qator choralar ko'rilmoqda. Transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari belgilab olingan. Ishtirokchilar davlat korxonalarining milliy iqtisodiyotni rivojlantirishdagi roli, xorijiy davlatlarning yondashuvlari, muvaffaqiyat omillari va muammolarni ko‘rib chiqishdi. Muhokamalar yakunida ushbu yo'nalishdagi keyingi qadamlar belgilab olindi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi