Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va XMK “Indorama Agro” loyihasini birgalikda moliyalashtirish to‘g‘risida bitim imzoladi
Joriy yilning 27-may kuni videokonferensiya shaklida Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan “Indorama Agro” loyihasini moliyalashtirish to‘g‘risida Bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining birinchi vitse-prezidenti Yu.Rigterink, XMK vitse-prezidenti J.Beyker va “Indorama” kompaniyasining ijrochi direktori A.Lohia ishtirok etdi.
Loyiha O‘zbekistonda barqaror paxta yetishtirishni rag‘batlantirish va turmush darajasini oshirishga qaratilgan. O‘zbekiston paxta sektoriga kiritilgan yangi investitsiyalar xususiy sektorni rivojlantirish va sanoatni modernizasiya qilishning barqaror modelini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi hamda paxta yetkazib berish zanjiridagi fermerlarning turmush sharoitlarini yaxshilash va ularga yangi ko‘nikma va texnologiyalardan foydalanish imkonini beradi.
XMKning “Indorama Agro” (“Indorama Corporation”ning 100% sho‘'ba korxonasi) tomonidan taqdim etilgan 60 mln AQSh dollari miqdoridagi uzoq muddatli qarz mablag‘lari O‘zbekistonning Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida qariyb 50 ming gektar qishloq xo‘jalik yerlarini rivojlantirishni moliyalashtirishga yordam beradi. Shu vaqtning o‘zida loyiha doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 60 mln dollarlik uzoq muddatli va 10 mln dollarlik qisqa muddatli qarzni taqdim etmoqda.
Loyihani amalga oshirish mexanizasiyalashgan paxta yig‘im-terimini rivojlantirishga yordam beradi hamda yerni tekislash va suvdan foydalanish uchun muqobil sug‘orish tizimlarini qo‘llash, o‘g‘itlarni samarali ishlatishni optimallashtirish, suv ta'minoti va meliorativ tizimlarini modernizasiya qilish va yetishtirilgan paxtani qayta ishlash sifatini yaxshilash hisobiga kompaniyaning ekologik va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada yaxshilaydi.
Tadbir davomida O‘zbekiston tomoni ushbu loyihaning amalga oshirilishi yirik xorijiy va xalqaro kompaniyalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarini jalb etishga turtki bo‘lishini ta'kidladi. Shuningdek, loyihaning XMK va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida paxta yetishtirishda eng yaxshi xalqaro amaliyotlarni joriy etish va bu sohada mehnat huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmini yaratishni nazarda tutuvchi islohotlarning muvaffaqiyatini e'tirof etadi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining birinchi vitse-prezidenti Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va XMK tomonidan O‘zbekistonda xususiy kompaniyalarni moliyalashtirish amaliyotini qayta tiklanishi mamlakat to‘qimachilik sanoatidagi loyihalarni ro‘yobga chiqarishda ishtirok etish uchun boshqa xalqaro moliya institutlarini jalb etishi mumkinligini ma'lum qildi.
XMK vitse-prezidenti XMK investitsiyalari “Indorama Agro”ga zamonaviy texnologiyalar yordamida paxta ishlab chiqarish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishga yordam berishini, bu esa o‘zbek to‘qimachiligining xalqaro ekologik va ijtimoiy standartlarga muvofiqligini ta'minlanishini ta'kidladi.
“Indorama Agro” kompaniyasi rahbariyati ta'kidlashicha, kompaniyaning bundan keyingi maqsadi jahon standartlari va xalqaro brendlarining talablariga muvofiq paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishdan iborat.
Marosim yakunida tomonlar O‘zbekistonda xususiy sektorni moliyalashtirish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha rejalarni belgilab oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi