O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AQSHning yetakchi universiteti O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqmoqda
2021-05-28 | Ta’lim
O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov Michigan davlat universiteti vakillari uchun brifing o‘tkazdi
Onlayn-muloqotda Taʼlim maktabi professori Duglas Xartman, Xalqaro qabul dasturlari direktori Lyuis Kardenas, Ingliz tili markazi tashqi dasturlar koordinatori Mark Olbi va Xalqaro professional dastur direktori Sinyu Vu ishtirok etdi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, Amerika universitetida mamlakatimiz yoshlarini o‘qitishni tashkil etish, O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari, shuningdek, taʼlim jarayonini takomillashtirish bo‘yicha islohotlar jarayoniga amerikalik ekspertlarni jalb etish istiqbollarini muhokama qildi.
Michigan davlat universiteti 1855 yilda Davlat qishloq xo‘jaligi kolleji sifatida tashkil etilgan. Bugungi kunda universitet talabalar soni bo‘yicha AQSHdagi eng yirik oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Dunyo bo‘yicha 634 mingdan ortiq bitiruvchiga ega. Universitet AQSH hukumati, Taʼlim, Energetika, Qishloq xo‘jaligi, Mudofaa, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, shuningdek, Milliy ilm-fan jamg‘armasi va boshqa tuzilmalar bilan yaqindan hamkorlik qiladi.
Brifingda Michigan davlat universiteti ekspertlari respublikamizda kadrlar tayyorlash sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yosh avlodga maktabgacha taʼlimdan tortib oliy taʼlimgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda yuqori sifatli taʼlim berish borasida qo‘yilayotgan ustuvor vazifalar bilan batafsil tanishdi.
AQSH va O‘zbekiston universitetlari o‘rtasida bevosita sheriklik aloqalarini o‘rnatish, «El-yurt umidi» jamg‘armasini Amerika Qo‘shma Shtatlarida taʼlim dasturlari va stajirovkalarni tashkil etish uchun jalb etish, shuningdek, bu sohada grant dasturlari uyushtirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Brifing ishtirokchilari respublika taʼlim sohasi salohiyatini mustahkamlash uchun xalqaro hamkorlikni rivojlantirish muhimligini taʼkidladi. Ularning fikricha, mamlakatimizda xorijiy oliy o‘quv yurtlari filiallarining ochilishiga berilayotgan ustuvorlik strategik yo‘naltirilgan qadam bo‘lib, u o‘z samarasini beradi. Amerika universiteti professorlariga ko‘ra, bunday siyosatning natijalaridan biri milliy iqtisodiyotni o‘zgartirish bo‘yicha xalqaro standartlar asosida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashdan iboratdir.
Taʼlim maktabi professori Duglas Xartman mamlakatimizda xorijiy universitetlarning 21 ta kampusi ochilganini katta yutuq, deb atadi. Uning taʼkidlashicha, 2 mingga yaqin talaba o‘qiyotgan Toshkentdagi Vebster universiteti filiali faoliyat boshlagani O‘zbekistonda oliy taʼlim sohasidagi islohotlarning xalqaro miqyosda eʼtirof etilayotganidan dalolat bermoqda.
Ingliz tili markazining tashqi dasturlar koordinatori Mark Olbi xorijiy tillarni o‘qitish sohasida O‘zbekistonning tegishli muassasalari bilan bevosita muloqot o‘rnatishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston universitetlari va «El-yurt umidi» jamg‘armasi vakillari ishtirokida oliy taʼlim sohasida o‘qituvchilar tayyorlash, turli taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha yangi o‘quv dasturlarini birgalikda ishlab chiqish, o‘qituvchi va talabalarning almashinuv va o‘quv dasturlaridagi ishtirokini taʼminlash, amerikalik professsional o‘qituvchilarni O‘zbekistonda leksiyalar o‘qishga taklif qilish kabi dolzarb sohalarda muzokaralarni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi