O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisi 28-29 kunlari bo‘lib o‘tadi
2021-05-26 | Siyosat
Kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi o‘tkazildi. Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Senat Axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisini 2021-yil 28-may kuni chaqirish to‘g‘risida Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Tadbirda, shuningdek, qator masalalar muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksiga muvofiq, Toshkent viloyatida yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar kafolatlari ta’minlanishi holatini o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari hamda Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitalari tomonidan ushbu masala o‘rganilgan.
Toshkent viloyatida tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarining kafolatlari ta’minlanishi, yerdan maqsadli foydalanish yuzasidan amalga oshirilgan salmoqli ishlar bilan bir qatorda, ushbu yo‘nalishda muayyan kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilgan.
Xususan, viloyatda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar kafolatlarining ta’minlanishi o‘rganilganda 9 ming 614 ta holatda 1618 ga. yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlangan.
Shuningdek, viloyat hokimi qarori bilan tadbirkorlik sub’ektlariga yer ajratib berishda Qibray, Quyi Chirchiq, Ohangaron, Parkent, Yuqori Chirchiq va Bo‘stonliq tumanlarida Yer kodeksi talablari bajarilmagan, berilgan yer maydonlaridan tadbirkorlarning qanday foydalanayotgani yetarlicha nazoratga olinmagan.
Bundan tashqari, yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishidan oldin yetkazilgan zararni qoplash choralari ko‘rilmagan va ayrim shaxslarga yetkazilgan zararlar bugungi kungacha ham to‘la qoplanmagan.
Senat Kengashi majlisida hokimiyat va mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining o‘rganish natijalari bo‘yicha tayyorlangan ma’lumotnomada keltirilgan holatlar bo‘yicha axboroti eshitildi hamda jiddiy xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar masalasini ko‘rib chiqish va ularga tegishli choralar ko‘rish to‘g‘risida viloyat hokimligi hamda vazirlik va idoralar rahbarlariga ko‘rsatmalar berildi.
Kengash majlisida ayrim byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari shakllantirilishi va ulardan foydalanish samaradorligini o‘rganish natijalari to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, 2018 — 2020-yillarda test sinovlari shaffof va adolatli o‘tkazilishini ta’minlash uchun jamg‘arma hisobidan 93,3 mlrd so‘m sarflangan. Shunga qaramay 2019-2020-o‘quv yili qabuli test sinovlarida ishtirok etish uchun ariza bergan abituriyentlardan 896,4 mln. so‘m ortiqcha to‘lov undirilgan, 30 mlrd. so‘m mablag‘ tijorat banklari depozitlariga elektron saralash tizimisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan kelishuv asosida joylashtirilgan.
Shuningdek, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun talablariga rioya qilmasdan 11,2 mlrd. so‘mlik xaridlar amalga oshirilgan.
Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘laridan 26 ta tuman (shahar) aholi bandligi markazlariga haq to‘lanadigan jamoat ishlarining 2020 yil uchun xarajatlar smetasiga nisbatan jami 259,5 mln so‘m mablag‘ ortiqcha sarflangan.
Bandlik markazlari tomonidan amalda ishsiz deb e’tirof etilmagan va haqiqatda ish bilan band bo‘lgan fuqarolarga 93 mln. so‘m jamg‘arma mablag‘i noqonuniy berilgan. Oxirgi 2 yilda jamg‘armaning 10 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘i noqonuniy sarflangan.
Majlisda Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba suv ombori” to‘g‘onida yuz bergan texnogen holat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ham ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, texnogen holatdan zarar ko‘rgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlari aholisiga tezkorlik bilan zarur yordam ko‘rsatilgan edi.
Shuningdek, Senat a’zolari joylarga chiqib tadbirkorlik sub’ektlari, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida mavjud holatni o‘rganib chiqqan edi. Bu masala Oliy Majlis Senati tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Joriy yil aprelida Sirdaryo viloyatida suv toshqini talofatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar doirasida Hukumat komissiyasi tomonidan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik yo‘nalishlariga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazilgan zarar miqdorini qoplash hamda irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini qurish-ta’mirlash ishlari uchun zarur bo‘ladigan mablag‘ miqdori (126 mlrd. so‘m) hisoblab chiqilgan.
Senat Kengashi talab etiladigan mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan bosqichma-bosqich ajratish taklifini ma’qulladi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisini 2021-yil 28-may kuni chaqirish to‘g‘risida Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Videokonferensaloqa shaklida ikki kun (28 – 29 may kunlari) davomida bo‘lib o‘tadigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. Shu jumladan, “Transport to‘g‘risida”gi, “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi va boshqa qator qonunlar muhokama qilinishi ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi to‘g‘risidagi masala ko‘riladi hamda Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020-yil va 2021-yil birinchi choragi yakuni bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitiladi.
Yalpi majlisda ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash bilan bog‘liq muammolar hamda koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish, shuningdek, boshqa masalalar ko‘rib chiqilishi ham rejalashtirilgan.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi