O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Latviyaning ISMA universiteti Farg‘onada xalqaro maktab tashkil etishni rejalashtirmoqda
2021-05-26 | Jamiyat
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi –ISMA universiteti prezidenti Roman Dyakon va xalqaro oliygohning Farg‘ona shahridagi filiali rahbari Sandra Plota bilan uchrashdi.
Mamlakatimizda oliy ta’lim rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tibor tufayli so‘nggi yillarda hududlarda, xususan, Farg‘ona viloyatida dunyoning eng rivojlangan davlatlari oliy o‘quv yurtlari filiallari tashkil etilayapti. Bu esa sohada milliy va xorijiy tajribani taqqoslash imkonini berish barobarida salohiyatli mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qilayapti.
Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi Farg‘ona filiali – viloyatda tashkil etilgan ilk xalqaro oliy ta’lim muassasasidir. Respublikaning turizm tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni hal qilishga qodir bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni xalqaro ta’lim standartlari darajasida tayyorlash, turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohalarida amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish, xalqaro tadbirkorlik asoslarini o‘rgatish filial faoliyatining asosiy yo‘nalishidir.
Hozirda filialda 175 nafar O‘zbekistoning turli hududlaridan kelgan talaba yoshlar axborot texnologiyalari, turizmda boshqaruv va tadbirkorlikni boshqarish yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil oladi. Muloqot Farg‘onaning turizm salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan mutaxassislar tayyorlashning ertangi istiqboli, hududda mehmonxona va restoran xo‘jaligi kadrlarini tayyorlash masalalari haqida bordi.
Shuningdek, filial talabalari uchun zamonaviy kutubxona, yotoqxona barpo etish, xalqaro stipendiya dasturlarini joriy etish, o‘quvchilar uchun ingliz tilini mukammal o‘rgatishga ixtisoslashgan xalqaro maktab tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
– Universitetimiz Latviyaning xorijiy mamlakatlarda o‘z filialini ochgan birinchi oliygohi hisoblanadi, – deydi professor Roman Dyakon. – Farg‘ona shahridagi filialimiz uch yildan buyon samarali faoliyat yuritib kelmoqda. O‘tgan yili filialda 10 ta davlat granti uchun o‘rin ajratilgan edi, yangi o‘quv yilidan boshlab 10 nafar farg‘onalik yosh viloyat hokimligi tanlovi asosida oligohimizda bepul tahsil olishi mumkin. Shuningdek, talabalar oliy ta’limning bir qismini Latviyada davom ettirish imkoniyatiga ega.
Viloyat hokimi mehmonlarning ISMA universiteti faoliyatini yanada kengaytirish orqali Farg‘onada xalqaro oliy ta’lim istiqboliga hissa qo‘shishga qaratilgan taklif va mulohazalari doimo qo‘llab-quvvatlanishi, bu boradagi ko‘mak va hamkorlikka hamisha tayyor ekanligini bildirdi.
Manba: O'zA