O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

MOXI platformasida Markaziy Osiyoda suv masalalari bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi

2021-05-26 | Ekologiya

Kecha «Markaziy Osiyoda suv masalalari bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Markaziy Osiyo xalqaro instituti va YUNESKOning O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Anjumanda BMT Bosh Kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Husniddin Sharofiddinov, BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori idorasi rahbari o‘rinbosari Xans-Ulrix Im, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmanistonning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, Markaziy Osiyo davlatlarining tegishli vazirliklari, idoralari va tahliliy tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida Markaziy Osiyoda suv va atrof-muhitni himoya qilish sohasidagi o‘zaro mintaqaviy muloqot va hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Konferensiyada ishtirokchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish bo‘yicha qabul qilingan maxsus rezolyutsiyasiga alohida e’tibor qaratildi.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik hamda ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganligini, buning natijasida davlatlararo hamkorlik sohasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganini ta’kidladi.

- Ko‘plab ijobiy mintaqaviy tendensiyalar qatorida, BMT Bosh assambleyasi tomonidan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar zonasi, deb e’lon qilish bo‘yicha rezolyutsiyaning qabul qilingani jahon hamjamiyati tomonidan Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish va mintaqadagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlarning amaldagi tasdig‘idir, - dedi A.Nosirov. - Shunisi ahamiyatliki, Orolbo‘yi mintaqasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan mazkur maqomga ega ilk mintaqa sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan mazkur rezolyutsiyaning hammualliflari sifatida qariyb 50 dan ortiq davlat ishtirok etdi.

Xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonning ushbu kunni «Xalqaro ekologik tizimlarni muhofaza qilish va qayta tiklash kuni” deb e’lon qilish bo‘yicha yana bir tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga ishonamiz.

YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yan Xladik anjuman ishtirokchilarini BMT Bosh Assambleyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar zonasi, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilinishi munosabati bilan tabrikladi.

Uning fikriga ko‘ra, mazkur hujjat mintaqaviy hamkorlik, integratsiya va barqaror rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni birlashtirishga va maxsus idoralar loyihalari, BMT tizimidagi sarmoyalar va dasturlarning izchilligini ta’minlashga imkon yaratadi.

Anjumanda so‘zga chiqqan BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazining rahbari Natalya German ham yig‘ilganlarni mazkur rezolyutsiya ma’qullangani bilan tabrikladi.

Orol dengizi muammosini hal etishda yangi zamonaviy usul va yondashuvlarni aniqlash va amalga oshirish masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishiga doir muammolar ham BMTning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda, Markaziy Osiyoda ushbu yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni kuchaytirish maqsadida, 2022-2025 yillarda mintaqada suv sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan yangi loyiha tayyorlanmoqda.

Shu munosabat bilan, N.German mazkur konferensiya o‘tkazish tashabbusini yuqori baholadi va o‘zaro muloqot samarasida har qanday muammolar va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalarni yechimi bo‘yicha umumiy tushunchaga erishish mumkinligini qayd etdi.

Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Husniddin Sharofiddinovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda mintaqa davlatlari o‘rtasida suv-energetika sohasidagi mavjud muammolarni muvofiqlashtirilgan tarzda hal etishga intilish kuzatilmoqda. Shubhasiz, bu suv xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiy o‘sish, aholi farovonligini oshirish va barqaror rivojlanishga erishish yo‘lida mavjud suv-energetika resurslarini yanada samarali boshqarishga yordam beradi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer BMT Bosh assambleyasi tomonidan Orolbo‘yi mintaqasi bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilinishini yuqori baholadi.

«Orol dengizi inqirozi - bu haqiqatan ham bo‘lishi mumkin bo‘lmagan, ammo yuzaga kelgan real voqelik. Biroq, biz o‘zaro hamkorlik va mavjud salohiyatlarimizdan kelib chiqib inqirozga ijobiy yechim izlab topishimiz lozim, - dedi u. - Shu nuqtai nazardan, hamkorlar dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashish va muvofiqlashgan yechimlarni ishlab chiqishga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazishi juda muhimdir”.

Shuningdek, H.Freyzer BMTning Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirish va transchegaraviy suv resurslaridan foydalanishni tartibga solishga qaratilgan tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi.

YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori idorasi rahbarining o‘rinbosari Xans-Ulrix Im ushbu anjuman tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirdi.

Anjuman yakunlariga ko‘ra, konferensiya ishtirokchilari tomonidan suvdan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishi va uning Markaziy Osiyoga salbiy ta’siriga doir dolzarb masalalari muhokamasi bo‘yicha muloqot maydoni yaratgani olqishlandi.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться