O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tashqi ishlar vaziri Polshaning yangi tayinlangan elchisidan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib oldi
2021-05-25 | Siyosat
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bugun Polsha elchisi etib tayinlangan Radoslav Grukni qabul qildi.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, vazir ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilar ekan, elchini masʼuliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va uning professional tajribasi va bilimi O‘zbekiston-Polsha ko‘p qirrali hamkorligini yana-da rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Muloqot chog‘ida ochiq va konstruktiv o‘zaro siyosiy muloqotni davom ettirishning muhimligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan turli darajalarda bo‘lib o‘tadigan qo‘shma tadbirlarning tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlarning savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro tovar aylanmasi hajmlarini oshirish, hududlararo aloqalarni faollashtirishga qaratayotgan eʼtiborining ustuvorligi eʼtirof etildi.
Polshaning yangi tayinlangan elchisi 50 yoshda. O‘zbekistonga tayinlanganiga qadar u TIV departamenti direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Undan avval Polsha va xorijiy davlatlardagi vakolatxonalarda masʼuliyatli lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Radoslav Gruk 2015-2020-yillarda Polshaning mamlakatimizdagi elchisi bo‘lib ishlagan Petr Ivashkevich o‘rnini egalladi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 29-oktyabr kuni tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizdagi diplomatik faoliyatini yakunlayotgan Polsha elchisi Pyotr Ivashkevichni qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston – Polsha ko‘p qirrali munosabatlarining joriy holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi