O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tashqi ishlar vazirligida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi delegatsiyasi bilan uchrashuv
2021-05-24 | Siyosat
2021-yilning 24-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev mamlakatimizga tashrif buyurgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining katta maslahatchisi, Ehtiyojlarni baholash missiyasi rahbari Aleksey Gromov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida YXHT DIIHB delegatsiyasiga respublikamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shu jumladan, qonun ustuvorligi, so‘z va matbuot erkinligini taʼminlash, fuqarolar huquq hamda erkinliklarini har tomonlama himoya qilish, gender tengligini ilgari surish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda umum eʼtirof etilgan xalqaro mezonlar asosida saylov qonunchiligini takomillashtirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumotlar taqdim etildi.
Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining konstitutsion huquqlarini amalga oshirishga ko‘maklashish borasidagi faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, saylovda ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish, joylarga chiqib muddatdan oldin ovoz berish amaliyotini joriy qilish va boshqa amaliy tadbirlar haqida taʼkidlandi.
Tashrif doirasida YXHT DIIHB delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oliy sudi, Markaziy saylov komissiyasi, vazirlik va idoralarida uchrashuvlar, siyosiy partiyalar rahbarlari hamda fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi