O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Besh tashabbus harakati” doirasida Toshkent shahri yoshlari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi

2021-05-24 | Yoshlar

22-may kuni “Besh tashabbus harakati” tadbiri doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Toshkent shahri yoshlari bilan ochiq muloqot tarzida uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, bir qator tijorat banklari rahbariyati hamda Toshkent shahar hokimligining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha mas'ul vakillari qatnashdi.
 
Uchrashuv davomida yoshlar faoliyati va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari, shuningdek, yoshlar va davlat hokimiyati organlari o‘rtasida bevosita muloqot o‘rnatish mexanizmlari muhokama qilindi.
 
Yoshlarni ish bilan ta'minlashda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlab chiqilgan mehanizmlar, loyiha va startaplarni amalga oshirish jihatlari hamda yoshlarni ijtimoiy yo‘naltirilgan tashabbuslarga jalb etish orqali bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma'lumot berildi.
 
Davlat rahbarining qaroriga muvofiq yaqin kelajakda mamlakatimizning hududlarida 936 gektar umumiy maydonda 219 yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etilishi ma'lum qilindi. Ushbu tashabbus hisobiga yoshlar uchun ishlab chiqarish maydonlarini yaratib, yoshlar tomonidan ishlab chiqarish jarayoniga innovatsiya va istiqbolli g‘oyalar joriy etilishi va tijoratlashtirishi uchun sharoit yaratish, shuningdek, ishsiz, jumladan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni ish bilan ta'minlash rejalashtirilgan. Shuningdek, ushbu maqsadlar uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida yosh tadbirkorlarning biznes g‘oyalari va startaplarini moliyalashtiruvchi Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilgani va faoliyat yuritayotgani ma'lum qilindi.
 
Yig‘ilish ishtirokchilariga yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hududida yer uchastkalari olish tartibi, loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlari va yoshlar tadbirkorligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishining boshqa amaliy jihatlari haqida batafsil ma'lumot berildi.
 
Ochiq muloqot chog‘ida yoshlar vakillari o‘z loyihalarini amalga oshirishda duch kelgan muammolar, jumladan, biznes yuritish tajribasi, kasbiy bilimlarning yetishmasligi, moliyaviy resurslarga, yer uchastkalariga, bino va inshootlarga ehtiyojning mavjudligi, byurokratik to‘siqlar uchrab turgani va boshqa omillar haqida so‘zlab berish imkoniga ega bo‘lishdi. Bevosita uchrashuv davomida aniqlangan masalalar tahlil etilgach, vazirlik, idora, tijorat banklari va Toshkent shahar hokimligi rahbarlariga ularni hal etish choralarini ko‘rish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan mavzular yuzasidan savollar berish va atroflicha ma'lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться