O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Hududlarda iqtisodiy o‘sishni ta'minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi

2021-05-21 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 20-may kuni videokonferensiya shaklida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtisodiy o‘sishini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarni muhokama qilish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida kelgusida birgalikda ish olib borish uchun aniq yo‘nalishlar belgilab olindi. Ana shunday yo‘nalishlardan biri hududiy investitsiya dasturlarini shakllantirish va hududlarda yangi “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash hisoblanadi. Joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalarini tanqidiy ko‘rib chiqish topshirildi. Bunda sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish, eksport hajmini oshirish, import o‘rnini bosish va yangi ish o‘rinlari yaratishni nazarda tutgan holda loyihalar joriy etilishining iqtisodiy samarasini aniq hisob-kitob qilish lozim bo‘ladi. Mutasaddi rahbarlarga loyihalar borishini o‘rganish, ularni o‘z vaqtida ishga tushirishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni aniqlash va hal etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
 
Mavjud resurs bazasi, tadbirkorlik sub'ektlarining o‘zaro kooperatsiya munosabatlarini va mahalliy bozordagi talabni hisobga olgan holda yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, yaratilayotgan erkin iqtisodiy, kichik sanoat va yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari salohiyatiga alohida e'tibor qaratish topshirildi.
 
Shuningdek, yirik va o‘rta sanoat ob'ektlarining ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini aniqlash hamda ushbu korxonalar quvvatlaridan to‘liq foydalanish va ishlab chiqarish salohiyatini oshirish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlash maqsadida so‘nggi bir necha yil ichida ularning sanoat ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari dinamikasidagi tendensiyalarni o‘rganish topshirildi. Shu tariqa qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalaridagi korxonalar tahlili amalga oshiriladi.
 
Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha alohida ko‘rsatmalar berildi – mamlakatimiz yoshlarini, xususan, uning chekka hudud va shaharlardagi vakillarini amalga oshirilayotgan tashabbus to‘g‘risida xabardor qilish, yaratilayotgan zonalar faoliyatini tezkorlik bilan tashkil etish, shuningdek, yoshlar tadbirkorligini rag‘batlantirish uchun ajratilgan moliyaviy resurslardan samarali foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifalari belgilandi.
 
Ishlab chiqarish maydonlari va sanoat inshootlari, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy soha ob'ektlarining samarali faoliyat ko‘rsatishining asosiy omili hisoblangan muhandislik infratuzilmasini mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi ishlarni jadallashtirish zarurligi ta'kidlandi. Mas'ul rahbarlar tomonidan mahalliy aholi va ishbilarmonlarning muhandislik kommunikasiyalariga bo‘lgan ehtiyojini aniqlashga doir hisob-kitoblar amalga oshiriladi, shuningdek, tegishli infratuzilmani qurish va modernizasiya qilish uchun qo‘shimcha mablag‘ manbalarini jalb etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
 
Yig‘ilishda, shuningdek, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, eksport salohiyatini oshirish, importni optimallashtirish, mahalliy fuqarolar yig‘inlari bilan bevosita o‘zaro hamkorlik qilish orqali aholi bilan ishlashni tashkil etish hamda (“Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”dagi) ro‘yxatlarga kiritilgan shaxslarni ish bilan ta'minlash orqali aholi farovonligini oshirish kabi jami 9 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
 
Yig‘ilish yakunida mutasaddi rahbarlarga muhokama etilgan yo‘nalishlarning har biri bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlar, ijrochilar va muddatlarni, shuningdek, yilning birinchi yarmida, 9 oy va yil oxiriga qadar erishiladigan iqtisodiy o‘sish bo‘yicha kutilayotgan natijalar va maqsadli ko‘rsatkichlarni keltirgan holda “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish topshirildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться