O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi
2021-05-21 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni videoanjuman shaklida o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.
O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini ushbu tashkilotning o‘tgan yil 11-dekabrdagi sammitida olgan edi.
O‘tgan davrda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum va uni amalga oshirish bo‘yicha uch yillik Chora-tadbirlar rejasi imzolandi. Mamlakatimiz vakillari YeOIIning ko‘p tomonlama tadbirlarida ishtirok etmoqda. Joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida birlashmaning Sanoat siyosati bo‘yicha kengashi yig‘ilishi va xalqaro “Innoprom” ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan Oliy kengashning navbatdagi yig‘ilishida kengash Faxriy Raisi, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri vazifasini bajaruvchisi Nikol Pashinyan, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, YeOII huzuridagi kuzatuvchi davlat - Kuba Prezidenti Migel Bermudes va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati Raisi Mixail Myasnikovich ham ishtirok etdi.
Tadbir kun tartibidan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy hamkorlik qilish hamda YeOII faoliyatini takomillashtirishga doir dolzarb masalalar o‘rin oldi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida hal etilishi o‘zaro muvofiqlashgan yondashuvlarni talab etuvchi eng muhim vazifalarga alohida to‘xtaldi.
Xususan, quyidagilar alohida qayd etildi:
- savdo munosabatlarini, shu jumladan to‘siqlarni bartaraf etish va savdoni notarif tartibga solish choralarini yaqinlashtirish orqali yanada kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjud;
- mamlakatlarimizning yetakchi korxonalari va hududlarning sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, Yevroosiyo taraqqiyot bankini jalb qilgan holda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha loyihalarni ilgari surish muhim ahamiyatga ega;
- transport-tranzit sohasidagi dolzarb masalalarni hal qilish va yuk tashish hajmini oshirish maqsadida o‘zaro imtiyozlarni kengaytirish lozim.
Epidemiologik vaziyatning barqarorlashuvi va aholini emlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni hisobga olib, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi muntazam havo va temir yo‘l qatnovini qayta tiklash taklif etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning YeOII soliq va bojxona ma’muriyatchiligi, sanoat, mehnat migratsiyasi va turizm bo‘yicha raqamli platformalariga ulanish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda, shuningdek, boshqa qator ustuvor yo‘nalishlar borasida hamkorlik qilish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti so‘zining yakunida mamlakatimizning kuzatuvchi davlat sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligida aniq va sezilarli natijalarga erishish muhim ekanini yana bir bor ta’kidladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti