O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Viloyat prokurori Namangan tumani yoshlari bilan uchrashdi va ularning muammolariga yechim izlandi
2021-05-20 | Yoshlar
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020-yilning dekabr oyida o‘tkazilgan O‘zbekiston yoshlarining birinchi forumidagi nutqi, Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda 2021-yil 3- fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» davlat dasturida ertamiz egalarining orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, moddiy yordamga ehtiyojmand o‘g‘il-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, ishsiz yosh qatlamning bandligini ta’minlash hamda kichik biznes va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasida qator vazifalar belgilab berildi.
Bu borada Namangan viloyatida huquqni muhofaza qilish, xususan prokuratura organlari mas’ul bo‘lgan hududlardagi ikkinchi sektorlar tomonidan amaliy chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Viloyat prokurori, adliya katta maslahatchisi, viloyat ikkinchi sektor rahbari Jahongir Hotamovning Namangan tumanida «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan aholi, shu jumladan yoshlar va tadbirkorlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida ham yoshlarning bandligini ta’minlash va shu orqali kambag‘allikni qisqartirish, aholi uchun qulay turmush sharoitlarini yaratish kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Qabul davomida ishga joylashtirish, kredit ajratish, ko‘chalarni shag‘allashtirish, salomatlikni mustahkamlashga ko‘maklashish, qurilish va boshqa masalalar yuzasidan 25 ta murojaat kelib tushdi. Shundan to‘rttasi shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. Qolgan 21 ta masala yuzasidan mutasaddi idoralarga bajarish uchun aniq muddatlar belgilanib, tegishli topshiriqlar berildi.
«Namuna» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Xayrullo Ahmedov o‘zi istiqomat qilayotgan «Bo‘ston» ko‘chasidagi ayni holat qoniqarsiz ekanligini aytib, yordam ko‘rsatishlarini so‘radi. Ikkinchi sektor tashabbusi bilan mazkur ko‘chaning 500 metr qismi shag‘allashtirildi.
– Kollejni tamomlaganimdan keyin rasmiy ravishda ish bilan band bo‘lmaganman, – deydi Past qiyot mahallasidan 21 yoshli Sanjar Jo‘rabekov. – Viloyat prokurori bilan muloqot men uchun ayni muddao bo‘ldi. Menga trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Toshbuloq tikuv fabrikasi» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga mehnat faoliyatimni olib borish uchun yo‘llanma berildi.
Qo‘shchinor mahallasida istiqomat qiluvchi Ubaydulla Rahmonovning 25 yoshli farzandi Jobir Abduazizovda ikkinchi guruh nogironligi mavjud. Salomatligini tiklash maqsadida qilingan murojaat asosida unga viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanishi uchun yo‘llanma berilishi ta’minlandi.
Namangan viloyatining shahar va tumanlarida ikkinchi sektor mutasaddilari tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu boradagi amaliy sa’y-harakatlar kelgusida tizimli ravishda davom ettiriladi.
Manba: O'zA