O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekistonning tashabbuslari xalqaro darajada tan olinmoqda

2021-05-20 | Siyosat

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning tashqi siyosiy faoliyati yanada jadallashgani xalqaro jamoatchilik, ekspert va mutaxassislar tomonidan ham haqli ravishda e’tirof etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining nufuzli xalqaro tashkilotlar anjumanlarida, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT)Bosh Assambleyasi majlislaridagi nutqlarida dunyo hamjamiyatining e’tibori mintaqa va jahon miqyosidagi global muammolarga qaratilmoqda. Hozirgi kunda davlat rahbarining sa’y-harakatlari orqali O‘zbekiston o‘z tashabbuslarini mintaqa va dunyo miqyosida faol ilgari surmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘rtaga tashlangan tashabbuslar jahon hamjamiyati tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani O‘zbekistonning xalqaro maydonda o‘rni va nufuzi mustahkamlanib borayotganiga yana bir yorqin dalildir.

Jumladan, 2021-yilning 18-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi.

O‘zbekiston rahbarining tashabbusi jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. Dunyoning turli mintaqalaridagi 60 ga yaqin davlat mazkur rezolyutsiyaga hammuallif sifatida ishtirok etgani bu fikrni yaqqol taqdiqlaydi.

Bosh Assambleya tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya:

– Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy va demografik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan mintaqaviy tadbirlar va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qiladi;

– bundan buyon ham Orolbo‘yi mintaqasi tabiatini tiklash va yaxshilash, tabiiy resurslarni saqlash va aholi hayot sifatini oshirish manfaatlari yo‘lidagi ilmiy-tadqiqot maslahatlashuv faoliyatini rag‘batlantiradi;

– Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishda mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish muhimligini ta’kidlaydi;

– barcha manfaatdor tomonlarni qo‘shma fanlararo tadqiqotlar o‘tkazishga, ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga, inklyuziv va ekologik barqaror iqtisodiy o‘sishga hamda energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llashga turtki berishga chaqiradi.

Hujjatda O‘zbekiston rahbariyatining tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining tashkil etilgani hamda BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun ko‘psheriklik asosida Trast fondi ta’sis etilganiga yuksak baho berildi va bu tashabbuslarning BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi qayd etildi.

Shunday qilib, Orolbo‘yi Bosh Assambleya tomonidan “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” singari yuqori maqom taqdim etilgan ilk mintaqa bo‘ldi. BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasining qabul qilinishi yuqori texnologik innovatsiyalar, ekologik toza, energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilishga investitsiyalarni jalb qilish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini majmuaviy qo‘llash, cho‘llashuv va ekologik migratsiya jarayonlarining oldini olish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni va rag‘batlantiruvchi omillarni shakllantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, hujjat mintaqaviy ustuvorlik, integratsiya va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha BMT tizimidagi ixtisoslashgan agentliklar, jamg‘armalar va dasturlarning amaliy harakatlarini hamda loyihalarini umumlashtirish va ular o‘rtasidagi muvofiqlashuvni ta’minlashga xizmat qiladi.

Mazkur rezolyutsiya yuqori texnologiyali innovatsiyalar, ekologik toza, energiya va suvni tejaydigan texnologiyalarni yaratish va tatbiq qilishga, «yashil» iqtisodiyot tamoyillarini keng qo‘llash, tuproq degradatsiyasi va ekologik migratsiyaning oldini olish kabi muhim chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgani bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi.

Ta’kidlash o‘rinli, O‘zbekistonning ekologik xavfsizlikni ta’minlashdagi sa’y-harakatlari Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlarda o‘z aksini topgan. Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra,hozirgi kunda Orol dengizining 450 ming gektar qurigan qismida ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Orolbo‘yi hududining BMT tomonidan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilinishi bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyaning 75-sessiyasida bildirilgan qator tashabbuslar – Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida mustahkam iqtisodiy aloqalarni o‘rnatish, transport yo‘laklarini rivojlantirish va kengaytirish, Afg‘onistonda tinchlik hukm surshi uchun barcha kuchlarni safarbar qilish maqsadida Prezident tomonidan berilgan takliflar ham jahon hamjamiyati tomonidan ijobiy qabul qilinib, mazkur yo‘nalishlarda ham jadal ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston tomonidan jahon miqyosida ilgari surilayotgan tashabbuslar nafaqat milliy, balki umuminsoniy manfaatlarga qaratilgan bo‘lib, Orol muammosida barcha kuchlarni birlashtirishga, mintaqa va dunyo ekologik xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ta’kidlash joiz, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturining 259-bandida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida ilgari surilgan tashabbuslarni parlamentlararo darajada targ‘ib qilish chora-tadbirini amalga oshirish belgilangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga tegishli yana bir xalqaro tashabbus – Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishga erishilgani Harakatlar strategiyasi hamda uning doirasidagi davlat dasturlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning hayotiy ifodasidir.

Manba: O'zA

Поделиться