Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi “JETRO” Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda
19-may kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “JETRO” Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risida memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Hujjat O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari L.Kudratov va “JETRO”ning O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari D.Takaxashi tomonidan imzolandi.
Hujjatda har bir alohida hududning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatini va mamlakatda biznes yuritish uchun joriy etilgan imkoniyatlarni keng yoritish maqsadida Yaponiyaning ishbilarmon doiralari uchun barcha hududlarimizda har oyda biznes-seminarlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Birinchi seminar 20-may kuni Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tadi. “JETRO” tarkibiga kiruvchi yapon kompaniyalarining 100dan ortiq vakillari unda ishtirok etishlarini tasdiqladilar. Keyingi seminar Samarqand viloyatida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ma'lumot uchun: O‘zbekistonda “JETRO”ning vakolatxonasi 2000-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Uning asosiy vazifalari Yaponiya kompaniyalaridan mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish, ikki mamlakat sanoat korxonalari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or texnologiyalar bilan almashishni tashkil etishdan iborat.
“JETRO” O‘zbekistonda Yaponiya Ishbilarmonlar uyushmasi Kotibiyati vazifasini ham bajaradi. U muntazam ravishda yapon va o‘zbek tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorligi va axborot ko‘magiga yordamlashadi, shuningdek, Yapon kompaniyalarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari ishtirokida muntazam seminar va uchrashuvlar o‘tkazib turadi. 2019-yildan boshlab ITSV “JETRO” bilan O‘zbekistonning investitsiyaviy imidjini yaxshilash va Yaponiya investitsiyalarini jalb etishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi