O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari va Janubiy Koreya milliy politsiya agentligi o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha amaliy tadbirlar belgilab olindi
2021-05-19 | Siyosat
Koreya Respublikasida amaliy safar bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari Doniyor Qodirov boshchiligidagi mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish idoralari delegatsiyasi Janubiy Koreya milliy politsiya agentligi (KMPA) Bosh komissari Kim Chang Yong bilan uchrashdi
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari va KMPA o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. O‘zaro manfaatli bo‘lgan turli sohalarda aloqalarni yana-da rivojlantirish bo‘yicha amaliy tadbirlar belgilab olindi. Muloqot davomida O‘zbekiston delegatsiyasiga KMPAning tarkibiy tuzilishi va vazifalari to‘g‘risida maʼlumot taqdim etildi. O‘zbekiston delegatsiyasini KMPAning zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha byurosining faoliyati katta qiziqish uyg‘otdi.
KMPA Bosh komissari joriy yil iyun oyida O‘zbekistonga amaliy safar bilan kelish taklifini qabul qildi. U bo‘lajak safar chog‘ida Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Jamoat xavfsizligi universiteti va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi akademiyasi bilan hamkorlik to‘g‘risida idoralararo hujjatlarni imzolashga tayyorligini tasdiqladi.
Shu kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Seul shahrining Kangnam va Yoksam tumanlarining yirik politsiya boshqarmalari faoliyati bilan ham tanishdi. Bu yerda xodimlarning kundalik faoliyati, boshqarma shaxsiy tarkibi, shuningdek, jihozlar va maxsus texnikalarni ishlatish jarayonini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, safar dasturi doirasida delegatsiya aʼzolari Seul metro politsiyasining bosh qarorgohiga bo‘ldi. O‘zbekiston vakillariga metro politsiyasining tarkibiy tuzilishi va vazifalari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi, Seul metrosida sodir etilgan asosiy jinoyatlar va ularning oldini olish choralari haqida maʼlumot berildi.
Xabar qilganimizdek, O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va ixtisoslashgan taʼlim muassasalari rahbarlari va mutaxassislaridan tashkil topgan.
O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi