Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalarda O‘zbekiston-Indoneziya hamkorligini chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi – O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Indoneziya Respublikasi parlamenti Vakillar palatasi sanoat va taraqqiyot masalalari bo‘yicha spikeri o‘rinbosari Rahmat Gobel' boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Indoneziya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlarga hamda iqtisodiy rivojlanish va davlat boshqaruvini takomillashtirish borasida erishilgan natijalarga yuqori baho berdi, shuningdek, Markaziy Osiyodagi asosiy hamkori sifatida barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish muhimligini ta'kidladi.
Tomonlar ikki mamlakat hukumatlari va ishbilarmon doiralarining o‘zaro tashriflari orqali munosabatlarni faollashtirish muhimligini ta'kidladilar. Yaqin vaqt ichida har ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari joriy yilning ikkinchi yarmida Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Indoneziya Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini hamda O‘zbekiston – Indoneziya biznes-forumini o‘tkazishga tayyorgarlikni boshlashiga kelishib olindi. Shuningdek, Indoneziya vazirlik va idoralari rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasining Jakarta shahriga ham tashrifi tashkil etiladi.
Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishning muhim salohiyati qayd etildi – qishloq xo‘jaligi va sanoatning elektrotexnika, kimyo, poyabzal va charm-attorlik tarmoqlarida qo‘shma ishlab chiqarish ob'ektlarini yaratish va chiqariladigan mahsulotlarni keyinchalik MDH, Janubi – sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaga eksport qilish istiqbollariga ega bo‘lgan loyihalarni shakllantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar, shuningdek, ikki mamlakat bozorlarida talabga ega bo‘lgan O‘zbekiston va Indoneziya mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni kengaytirish, shuningdek, imtiyozli savdo va o‘simliklar karantini sohasida hamkorlikka oid bitimlar imzolashga tayyorgarlikni tezlashtirish orqali tegishli huquqiy asoslarini mustahkamlash yo‘li bilan ikki tomonlama savdo hajmini oshirish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirdi.
Mehmonxona biznesi va turizmni rivojlantirishda hamkorlikni faollashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, joriy yilning avgust oyida o‘z tarkibiga Indoneziya ishbilarmon doiralarini oladigan Indoneziya ulamolar Kengashi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi davomida ikki mamlakat o‘rtasida ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama etilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida erishilgan barcha kelishuvlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlarni qamrab olgan kengaytirilgan “Yo‘l xaritasini” qisqa muddatda ishlab chiqishga kelishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi