O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov boshchiligidagi delegatsiya Rossiyada mehnat migrantlari huquqlarini ta’minlash masalalarini o‘rganmoqda
2021-05-18 | Siyosat
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi delegatsiya Rossiyada bo‘lib turibdi
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, delegatsiya tarkibida Markaz vakillari va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova rahbarligidagi Ombudsman ofisi xodimlari o‘rin olgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari kecha Rossiya Prezidenti maslahatchisi, Rossiya Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kengashi raisi Valeriy Fadeyev hamda Rossiyaning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muloqotlar asnosida mehnat migrantlari huquqlarini ta’minlash, ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish istiqbollari belgilab olindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Rossiya ichki ishlar vazirligining Moskva shahridagi mehnat migrantlarini vaqtincha saqlash markazi, shuningdek, Saxarovo qishlog‘ida joylashgan «Moskva ko‘ptarmoqli migratsiya markazi»da bo‘ldi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad – xorijiy mamlakatlarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz yashayotgan va ishlayotgan ob’ektlarga borib, ular bilan suhbatlashish, o‘zbekistonliklarning yashash, ishlash va tibbiy xizmatdan foydalanish sharoitlarini o‘rganishdan iborat.
Ushbu muassasalarda tashkil etilgan qabul jarayonida 20 nafardan ortiq o‘zbekistonlik mehnat migrantining murojaatlari qabul qilindi. Ularga huquqiy maslahatlar berildi.
Qayd etish joizki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Ombudsman Feruza Eshmatova Rossiyaga amaliy safari doirasida «O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyadagi huquqlari: mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari» mavzusidagi O‘zbekiston – Rossiya forumida ham ishtirok etadi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi