O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“O‘zbekgidroenergo” qisqa davrda ulkan yutuqlarga erishmoqda
2021-05-18 | Siyosat
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda investitsiyaviy loyihalar asosida yangi gidroelektr stansiyalar qurishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan GESlarni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish ishlari yuqori sur’atlarda olib borilmoqda.
“O‘zbekgidroenergo” AJ o‘tgan davrda jamiyat gidroenergetika tarmog‘ini rivojlantirishda zalvorli yutuqlarga erishdi. Xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni izchillik bilan ko‘paytirish, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika aholisining elektr energiyaga bo‘lgan talabini to‘laqonli ta’minlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
So‘nggi to‘rt yil mobaynida bir qator yirik investitsiyaviy loyihalar hayotga izchil tatbiq etildi. Sohada yangi GESlarni qurish, mavjudlarini modernizatsiya qilish borasida 30 dan ortiq investitsiyaviy loyiha asosida katta hajmdagi ishlar olib borilmoqda. Misol uchun, koronavirus pandemiyasining og‘ir sinovli va tahlikali sharoitlariga qaramay, ish faoliyatini oqilona va barcha qoidalarga rioya qilgan holda tashkil etilganligi natijasida 2020-yilda umumiy quvvati 118,3 MVtga teng bo‘lgan 6 ta loyiha foydalanishga topshirildi. “Ohangaron daryosida Qamchiq kichik GES qurilishi”, “To‘polang daryosida Zarchob kichik GESlar kaskadi qurilishi”, “Qodiriya GESlar kaskadi” UK GES-3 modernizatsiya qilish” loyihasi shular jumlasidandir.
O‘tgan davrda mavjud 36 ta GES yangidan qurilgan yirik, o‘rta hamda mikro GESlar hisobiga 47 taga yetdi. Hozirda mamlakatimizning umumiy gidroenergetika quvvati 2 005 MVt ni tashkil etmoqda.
Joriy yilda umumiy qiymati 1 344,1 million dollar bo‘lgan 16 ta loyiha doirasida, 183,8 million dollar investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Shundan xorijiy kreditlar 87,4 million dollarni, jamiyat mablag‘lari 96,4 million dollarni tashkil qiladi. Masalan, Zarchob-2 va Kamolot GESlari qurilishi, Farhod GES modernizatsiyasini ishga tushirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, yiliga 673,7 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati, shuningdek, qo‘shimcha 59 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
2021-yildan e’tiboran Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda umumiy qiymati 75,3 million dollarga teng quvvati 24 MVt bo‘lgan Oqsu daryosida Rabat va Chappasuy hamda Tamshush GESlari qurilishi bo‘yicha investitsiya loyihalari amalga oshirilishi boshlandi.
Yangi mikro va kichik gidroelektr stansiyalarni joylashtirishning texnik imkoniyati mavjud ob’ektlar ro‘yxatini tuzish va shakllantirish, kichik suv oqimlaridan unumli foydalanish maqsadida mikro GESlar qurish borasida soha mutaxassislari tomonidan asosli takliflar o‘rganib chiqildi va ularning ro‘yxati shakllantirildi. Shakllantirilgan yangi loyihaga ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan 30 ga yaqin yangi mikro GESlar qurish rejalashtirilgan.
2021-yilda tasdiqlangan reja asosida 16 ta investitsiyaviy loyiha bo‘yicha qurilish va modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Ushbu loyihalarning 11 tasi yangi GESni qurish va qo‘shimcha 587 MVt quvvatni yaratish bilan bog‘liq bo‘lsa, qolgan 5 ta loyiha amalda faoliyat yuritayotgan 5 ta GESni modernizatsiya qilib, ularning mavjud 364 MVtga teng ishlab chiqarish quvvatiga qo‘shimcha ravishda 153 MVt gidroenergetik quvvatni qo‘shishni nazarda tutadi. Ushbu loyihalarning foydalanishga topshirilishi natijasida qo‘shimcha tarzda 381 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Gidroenergetika sohasi taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan va modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlarda aholining turmush farovonligi oshishi, ishlab chiqarish sub’ektlarining elektr quvvatlari bilan ta’minlanishi, qisqa qilib aytganda, xalqimiz farovonligining ortishiga xizmat qilmoqda.
Qayd etish kerakki, “O‘zbekgidroenergo” AJ yurtimizdagi ishlab chiqaruvchi korxonalar orasida birinchilardan bo‘lib “Fitch Ratings” xalqaro kredit reytingining “B+” (barqaror) darajasini qo‘lga kiritdi. Bu esa jamiyatni jahonning mashhur investorlar bozorlariga aniq va ravshan biznes strategiyasiga, shaffof moliyaviy hisobotlariga va kuchli korporativ boshqaruv tizimiga ega birinchi o‘zbek ishlab chiqaruvchi korxonasi sifatida tanitadi.
Manba: O'zA