O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tashqi ishlar vazirligida UNHCRning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2021-05-18 | Siyosat
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov bugun O‘zbekistonga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari (UNHCR) boshqarmasining Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi direktori Indrika Ratvatte bilan uchrashdi
Muzokaralar chog‘ida mehmonga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida maʼlumot berildi. Ushbu jarayonda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari markaziy o‘rin tutayotgani alohida taʼkidlandi.
Tomonlar mazkur yo‘nalishdagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish, jumladan, fuqarosizlik holatlarining oldini olish va kamaytirish, milliy qonunchilikka xalqaro standartlarni joriy etish masalalarini muhokama qildi.
Ushbu sohalarda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston bilan hamkorlik masalalariga eʼtibor qaratildi.
Muloqot davomida, shuningdek, ikki va ko‘p tomonlama shakldagi hamkorlik kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.
Uchrashuvda BMTning O‘zbekistondagi Doimiy koordinatori Helena Freyzer, UNHCRning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Xans Fridrix Shodder ham ishtirok etdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi