O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston elchisi USAID missiyasining yangi tayinlangan rahbari bilan qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi
2021-05-18 | Siyosat
O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan missiyasi rahbari Mikaela Meredit bilan onlayn-muzokaralar o‘tkazdi
O‘zbekiston elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, Mikaela Meredit USAID tizimida 25 yillik tajribaga ega. 1990-yillarda Iroq, Sudan, Keniya, Somali, Ruanda, Kongo va Bosniyada gumanitar va falokatga qarshi kurash jamoalarida xizmat qilgan. Nigeriya (2008-2010) va Yaman (2006-2008) missiyasining direktori o‘rinbosari lovozida ishlagan. Afrikadagi USAID Ebola nazorati bo‘linmalariga, Janubiy va Sharqiy Afrika masalalari bo‘yicha idorasiga (2010-2015) rahbarlik qilgan. 2015-yilning sentyabr oyida Agentlikning Ozarbayjondagi missiyasiga ilk bor rahbarlik qildi. U 2018-yil iyul oyidan beri USAIDning Albaniyadagi missiyasini boshqarib kelayotgan edi. Mikaela Meredit Kolumbiya universiteti Xalqaro aloqalar maktabi magistri darajasiga ega.
Onlayn-muloqot chog‘ida USAID missiyasining yangi rahbari O‘zbekistondagi islohotlar va o‘zgarishlar natijalaridan yaxshi xabardor ekanini, mamlakatning mintaqaviy aloqa va xavfsizlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlariga yuqori baho berishini taʼkidladi. U Toshkentda «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» yuqori darajadagi xalqaro konferensiyasining o‘tkazilishini olqishladi.
Tomonlar O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashdi. Qishloq xo‘jaligi sohasida xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi texnikasini joriy etishga qaratilgan «agrofirmalarni rivojlantirish» dasturi doirasida joriy va istiqboldagi USAID yordam dasturining amalga oshirilishini muhokama qildi.
Mikaela Meredit, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash, yerlarning degradatsiyasi va cho‘llanishining oldini olish texnologiyalarini joriy etish, qishloq joylarida ichimlik suvi taʼminoti tizimini taʼminlashning ustuvor yo‘nalishlari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning aytishicha, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash sharoitida ekologik muammolarni hal etishga yordam berish maqsadida USAID tez orada 24 million AQSH dollari qiymatidagi besh yillik «WAVE Project» loyihasini ishga tushiradi.
O‘zbekiston aholisini “Pfizer”, “Moderna” va «Johnson & Johnson» vaksinasi bilan taʼminlash borasida USAID bilan hamkorlik masalasiga ham to‘xtaldi.
Muloqot chog‘ida USAIDning yangi tayinlangan maʼmuri AQSHning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi sobiq doimiy vakili Samanta Pauerning O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifini tashkil etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning oktyabr oyida AQSH hukumati O‘zbekistonda mamlakatdagi iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlarning keng ko‘lamli dasturini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha to‘laqonli missiya ochilganini eʼlon qilgan edi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi