O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston elchisi Finlyandiya vakillari bilan axborot texnologiyalarini joriy etish sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi
2021-05-18 | Texnologiyalar
O‘zbekistonning Finlyandiyadagi (qarorgohi Riga shahrida) elchisi Qadambay Sultonov kecha «Nokia» korporatsiyasi vitse-prezidenti Mikko Lavanti bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazdi
Onlayn-muloqotda «Nokia» kompaniyasi bilan sarmoyaviy va texnologik hamkorlik istiqbollari hamda respublika IT va telekommunikatsiya sohasiga Finlyandiya ilmiy-texnik salohiyatini jalb etishning amaliy jihatlari haqida fikr almashildi.
Mikko Lavanti joriy yil fevral-mart va aprel oylarida O‘zbekistonga amaliy safari davomida o‘tkazgan muzokaralari natijalari haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi qator yirik aloqa operatorlari bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan chuqur o‘zgarishlar va barcha tarmoqlarda zamonaviy dasturiy mahsulotlar, axborot tizimlari va kommunikatsiya resurslarini joriy etish borasidagi maqsadli sa’y-harakatlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Korporatsiyaning respublikada 5G texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishga bo‘lgan qiziqishi tasdiqlandi.
O‘z navbatida, Mikko Lavantiga O‘zbekistonda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida davlat xizmatlarini raqamlashtirish ko‘lamini kengaytirish va yoshlarni dasturiy ta’limga jalb etish bo‘yicha belgilangan vazifalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
«Nokia» korporatsiyasi vitse-prezidenti Toshkentda o‘tkaziladigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaga taklif etildi.
«Nokia» Finlyandiyadagi transmilliy texnologiya korporatsiyasidir. U dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida faoliyat ko‘rsatadi. Korporatsiya ishlab chiqarish korxonalarida 103 ming kishining bandligi ta’minlangan. «Nokia»ning yillik daromadi 23 milliard dollarga teng. «Fortune Global 500»ga ko‘ra, «Nokia» dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya 5G mobil tarmoqlari uchun standartlarning keyingi avlodini ishlab chiqmoqda. «Nokia»ning O‘zbekistonda mintaqaviy maqomga ega bo‘lgan vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi