O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonlik talabalar hayoti mavzusida onlayn-konferensiya o‘tkazildi
2021-05-17 | Ta’lim
Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi va O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining ushbu mamlakatdagi vakolatxonasi hamkorligida «Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonlik talabalar» mavzusida onlayn-konferensiya tashkil etildi
Tadbirda Koreya Respublikasida tahsil olayotgan, pandemiya tufayli akademik taʼtil olib O‘zbekistonga qaytgan talabalar hamda kelajakda Janubiy Koreyada o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda yoshlarni qiziqtirgan qator masalalar, xususan, Janubiy Koreyaga o‘qish vizasini rasmiylashtirish, talabalar o‘qish davomida duch kelayotgan muammolar, yoshlarning bo‘sh vaqtlarida vaqtincha ishlashi masalalari va o‘qishni tugatgandan keyin doimiy ishga joylashish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Konferensiyada uzoq vaqtdan buyon Janubiy Koreyada istiqomat qilib kelayotgan, ushbu mamlakatda tahsil olgan, Sejong universiteti doktoranti Otabek Jo‘rayev asosiy maʼruzachi sifatida qatnashdi.
Koreya Respublikasiga o‘qishga qaytib kelmoqchi bo‘lgan yoki pandemiya sababli talabalik vizasini ololmayotgan yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi