O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Tojikiston hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2021-05-17 | Iqtisodiyot
Toshkentda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda raisligida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Tojikiston hukumatlararo komissiyasining 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ochiq , ishonchli va konstruktiv muloqot ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklikning yangi bosqichiga olib chiqishga hamda ikki qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va bir-birlarini to‘g‘ri tushunish muhitini mustahkamlashga ko‘maklashgani ta’kidlandi.
Tomonlar O‘zbekiston Prezidentining joriy yilda Tojikistonga buyuradigan tashrifi oldidan ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish bilan bog‘liq keng qamrovli masalalarni muhokama etdi.
Muzokaralar chog‘ida yaqin yillar ichida o‘zaro tovar almashuvini yanada ko‘paytirish asnosida uning hajmini 1 milliard AQSh dollariga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shu o‘rinda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, tog‘-kon va elektrotexnika tarmoqlari, energetika va transport sohalaridagi munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar muhokama etildi.
Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, avto va temir yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish va modernizatsiyalash sohalarida qator sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha tadbir chog‘ida erishilgan muhim kelishuvlarni va bundan keyingi ko‘p qirrali sheriklikning asosiy yo‘nalishlarini o‘zida ifoda etgan protokol imzolandi. Shuningdek, Tojikiston delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif doirasida qator sanoat korxonalari va ob’ektlarida bo‘ldi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi