Kuni kecha Moliya vazirligida Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari M. Qurbonboev, A. Umirov, J. Qosimov, Moliya vazirligi xodimlari hamda Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassislari ishtirok etishdi.
Qayd etilganidek, loyihada tadbirkorlik sub'ektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash, koronavirus pandemiyasining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish hamda aholi daromadalarini oshirishga qaratilgan normalar o‘z aksini topmoqda.
Qonun loyihasi bilan elektr dvigatel' orqali harakatlanadigan avtomototransport vositalarini sotib olish va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirish uchun yig‘im to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilyapti.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi har bir shahar va tumanlarining o‘ziga xos “o‘sish nuqtasi” deb aniqlangan faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik subektlariga 2024-yil 1-yanvarga qadar foyda va suv soliqlari bo‘yicha 50 foizlik imtiyoz berilmoqda. Tadbirkorlar berilgan imtiyozlardan oqilona foydalangan taqdirda soliqlardan iqtisod qilingan mablag‘ hisobidan faoliyatini yanada kengaytirish imkoniyati yaratiladi.
Deputatalar tomonidan qonun ijodkorlariga loyiha yuzasidan savollar berilib, mutaxassislar tomonidan batafsil javob va tushuntirishlar olindi.
Davra suhbatida qonunchilik texnikasidan kelib chiqib loyihaga bir qator tuzatish va o‘zgartirishlar kiritildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi