O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rta tibbiyot xodimlariga bayram tabrigi
2021-05-12 | Sog‘liqni saqlash
Qadrli hamshiralar!
Fidoyi o‘rta tibbiyot xodimlari!
12-may — Xalqaro hamshiralar kuni har yili yurtimizda keng nishonlanib kelinadi. Ammo bu yil bayram shodiyonasi avvalgilardan ham shukuhli bo‘lishi, shubhasiz. Boisi, bugungi og‘ir pandemiya davrining asosiy qahramonlari, ko‘rinmas yov — koronavirus balosiga qarshi kurashda fidoyilik, ulkan matonat ko‘rsatgan oq libos sohiblariga xalqimizning e’zoz-ehtiromi cheksizdir.
Hamshiralar, avvalo, bor mehr-muhabbati, g‘amxo‘rligi, shirin so‘zlari ila dard bilan olishayotgan og‘ir ahvoldagi bemorlarni parvarishlab, davolash muolajalarini o‘tkazib, bebaho ne’mat bo‘lmish salomatliklarini saqlab qolishmoqda.
Shuningdek, aholi orasida uyma-uy yurib, sog‘lom turmush tarziga amal qilish, jismoniy faol bo‘lishga doimiy ravishda chorlab, xalqimizni turli og‘ir xastaliklarga duchor bo‘lishining oldini olayotir. Shu bois ham ularni yer ustidagi oppoq farishtalarga qiyos etsak arziydi.
Sog‘liqni saqlash tizimining katta qismini tashkil etuvchi o‘rta tibbiyot xodimlarining malakasi, mashaqqatli mehnati “COVID-19” infeksiyasiga qarshi kurash, yurtimizda o‘tkazilayotgan ommaviy emlash jarayonlari, mamlakatimiz tibbiyot sohasi taraqqiyoti, aholi salomatligini saqlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shu bois ham, mamlakatimizda hamshiralarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, turli imtiyoz va imkoniyatlar yaratish, jamiyatdagi o‘rni, ijtimoiy mavqeini ko‘tarishga doimiy ravishda e’tibor qaratib kelinmoqda.
Xususan, ushbu bayram arafasida Prezidentimiz tomonidan “Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi Farmoni imzolangani ham Siz hamshiralarga ko‘rsatilgan yuksak e’tiborning yaqqol namunasidir.
Aytish lozimki, mazkur hujjatda o‘rta tibbiyot xodimlari maqomini oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish hamda “Hamshiralik ishi” bilan mustaqil shug‘ullanish tartib-qoidalari kabi muhim masalalarga alohida urg‘u berilgan.
Jumladan, Farmonda o‘rta tibbiyot xodimlari uchun 2021-yil 1-iyuldan boshlab 10 mingta, 2022-yil 1-yanvardan esa yana qo‘shimcha 10 mingta shtatlar ajratilishi belgilangani katta tarixiy voqea bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu hujjat asosida amalga oshiriladigan yangilik va o‘zgarishlar Siz o‘rta tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi o‘rningiz, ijtimoiy mavqeingizni ko‘tarish va faoliyatingizni tubdan takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu esa davlat va jamiyatning Sizlarga berilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rligidan darak beradi.
Qayd etish joiz, yurtimizdagi oq libos sohib va sohibalari ularga berilayotgan e’tiborga o‘zlarining fidoyiligi, kasbi va qasamyodiga bo‘lgan sadoqati bilan munosib javob qaytarmoqda.
O‘rta tibbiyot xodimlarining mamlakatimizdagi eng nufuzli tibbiyot muassasalarida murakkab jarrohlik operatsiyalarini muvaffaqiyatli o‘tkazishda shifokorlarga ko‘mak berishidan tortib, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati tizimidagi faolligi, fidoyiligi hamda koronavirus infeksiyasining oldini olish, kasallikka chalingan bemorlarni davolash borasidagi matonatiyu patronaj tizimining asosiy bo‘g‘ini sifatidagi faoliyati tahsinga sazovor. Shu kunlarda yurtimizda o‘tkazilayotgan ommaviy emlash jarayonlarini sifatli sanitariya talab-qoidalariga mos tarzda o‘tkazishda ham ularning alohida faollik ko‘rsatayotganini mamnuniyat bilan qayd etish lozim.
Albatta, bunday fidoyi insonlar xalqimiz mehrini qozonishi bilan birga davlatimizning e’tirofi, g‘amxo‘rligiga ham erishayotganligi quvonchlidir. Jumladan, Prezidentimizning o‘tgan yili tegishli Farmonlari bilan tibbiyotimiz tarixida birinchi marotaba har yilgidanda ko‘proq 70 nafardan ortiq Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari nufuzli Davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi.
Hurmatli hamshiralar,
Qadrli o‘rta tibbiyot xodimlari!
Fursatdan foydalanib, Sizlarni yana bir bor Xalqaro hamshiralar kuni bilan samimiy muborakbod etaman. Hamisha xalqimiz ardog‘ida bo‘lib yuring, aziz va mo‘’tabar tibbiyot sohasi xodimalari!
Manba: O'zA