O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining moddiy ta’minotini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
2021-05-12 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Mamlakatimizda keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilishning samarali tizimini shakllantirish, Vatan obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga faol qatnashayotgan qariyalarni e’zozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan faxriylarning moddiy ta’minotini yanada kuchaytirish maqsadida:
1. 2021-yil 10-maydan boshlab 1941–1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – 2,5 million so‘m etib belgilansin.
2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan sarf-xarajatlar Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi va respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilsin.
3. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlarga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021-yil 11-may
Manba: O'zA