Investitsiyalarni jalb etish, sanoatni rivojlantirish va eksportni oshirishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirildi
Vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi rahbariyati ishtirokida videokonferensiya shaklida investitsiyalarni jalb etish, sanoat tarmoqlarini rivojlantirish va eksport hajmini oshirishni yanada rag‘batlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Hududlar kesimida investitsiya loyihalari tashabbuskorlari bilan hamkorlik qilish samaradorligining tanqidiy tahlili o‘tkazildi. O‘tkazilgan tahlil joriy yilning 4 oyi yakunlariga ko‘ra, mamlakatning 33ta shahar va tumanida investitsiyalarni jalb qilishning nisbatan past darajasini, 21ta shahar va tumanlarda esa yangi sanoat loyihalari ishga tushirilishi tasdiqlangan rejalardan sezilarli darajada ortda qolayotganligini ko‘rsatdi. Ko‘p hollarda bu kamchiliklar mutasaddi shaxslar tadbirkorlar – investitsiya loyihalari tashabbuskorlarining masala va muammolarini hal etishga yetarli darajada e'tibor bermayotganliklarining natijasidir.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar ham o‘rganildi. Jumladan, 42ta tuman va shaharlarda eksport hajmining yetarli emasligi qayd etildi, bunga mutasaddi rahbarlarning eksport qiluvchi korxonalar muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va hal etish borasidagi faoliyati yetarli darajada emasligi sabab bo‘ldi.
Tahlil natijalari asosida vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlarining o‘z ishlarida yomon natija ko‘rsatgan 52 nafar mas'ul rahbarlariga nisbatan intizomiy choralar qo‘llashga qaror qilindi. Shuningdek, kelib tushayotgan so‘rovlarga tezkor javob berish hamda ishlab chiqarish va tashqi savdo faoliyati jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilishni nazarda tutib, tadbirkorlar va eksportchilar bilan amaliy hamkorlik qilish samaradorligini oshirish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.
Hududlarda to‘qimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, farmasevtika, ipak, mebel, zargarlik, vino ishlab chiqarish va yog‘ – moy sanoati, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash kabi salmoqli investitsiyaviy, sanoat va eksport salohiyati bilan tavsiflanadigan 10 sanoat tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha birinchi darajali chora-tadbirlarga alohida e'tibor qaratildi. Tegishli idoralar va tarmoq birlashmalari rahbarlariga import tarkibini, ichki bozorning mahsulotlar ayrim turlariga bo‘lgan ehtiyojini chuqur tahlil qilish, shuningdek, logistika va bozor shart-sharoitlari nuqtai nazaridan ishlab chiqarish ob'ektlarini optimal joylashtirish uchun mamlakatning tuman va shaharlari kesimida mavjud zaxiralarni o‘rganish topshirildi.
Shuningdek, yoshlarni tadbirkorlik va sanoat faoliyatiga jalb etish borasidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Ta'kidlandiki, joriy yilda mamlakatimizning barcha shahar va tumanlarida 219ta yoshlar sanoat va biznes zonalarini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning umumiy maydoni 800 gektardan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Yig‘ilish davomida mazkur zonalar faoliyatini tashkil etishning amaliy jihatlari, jumladan, moliyalashtirish masalalari va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalari ajratish tartibi muhokama qilindi. Jumladan, joriy yilning 1-sentabriga qadar 77ta shunday zonani ishga tushirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, investitsiya loyihalarini tanlash va amalga oshirilishini moliyalashtirish jarayonlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirishni ta'minlaydigan maxsus veb-sayt yaratilishini jadallashtirish hamda boshqa amaliy masalalarni hal etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddi rahbarlarga belgilangan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish yuzasidan qo‘shimcha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi