O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Voleybol: ilk marotaba faxriylar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati Urganchda o‘tkaziladi
2021-05-11 | Sport
Voleybol dunyoda eng ommalashgan va rivojlangan sport turlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda ham ushbu sport turiga qiziqish nihoyatda yuqori, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Biroq, ayrim sabablarga ko‘ra yurtimizda voleybolni ommalashtirish va rivojlantirish borasidagi ishlar oqsayotgan edi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston voleybol federatsiyasi rahbariyatida amalga oshirilgan o‘zgarishlar natijasida ushbu sport turi rivojida yangi davr boshlandi, deyish mumkin. Avvalo musobaqalar soni oshdi. Endilikda nafaqat kattalar va yoshlar, hatto o‘smirlar o‘rtasida ham musobaqalar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.
Musobaqalarni tizimli ravishda o‘tkazishga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda. Barcha yosh toifasidagi musobaqalar xalqaro qoidalar asosida o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Bu esa o‘yinlardan keyin turli noroziliklarning kelib chiqishi, hakamlikdaki noxolisliklarga barham berishga xizmat qilmoqda.
2021-yil 20-23-may kunlari mamlakatimiz voleyboli tarixida ilk marotaba faxriylar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkaziladi. Bu ham albatta yurtimizda voleybolning yana-da ommalashuviga xizmat qiladi.
Faxriylar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida har bir jamoa tarkibidan 11 nafar voleybolchi (libero bilan birga) hamda bir nafar trener joy olishi mumkin. Jamoalar tarkibiga 40-44 yosh hamda 45-49 yoshdagi bir nafardan hamda 50 yosh va undan yuqori bo‘lgan 9 nafar ishtirokchi kiritilishi belgilab qo‘yilgan.
Mazkur musobaqa sportchilik faoliyatini yakunlagan, biroq trenerlik faoliyati bilan mashg‘ul bo‘lmagan sobiq voleybolchilarga yana katta sport havosini his qilishlariga yordam beradi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi