O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirlari ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
2021-05-11 | Siyosat
Bugun Sian shahrida (Xitoy) O‘zbekiston delegatsiyasining «Markaziy Osiyo – Xitoy» shaklidagi ikkinchi uchrashuvidagi ishtiroki doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev bilan uchrashuv o‘tkazdi
TIV maʼlumotiga ko‘ra, vazirlar ikki tomonlama aloqalar rivojlanishi bilan bog‘liq dolzarb masalalar hamda mintaqaviy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, davlatlar rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli samarali natijalar berayotgan qator kelishuvlarga erishildi, o‘zaro ishonch mustahkamlandi, qardosh xalqlarimiz va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari kengaydi.
Tomonlar Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni, multimodal transport koridori hamda «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li loyihasini imkon qadar tez muddatda amalga oshirishning muhimligini qayd etdi. Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga doir boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi